09:03 / 25.02.2022
1 025

Sanjar Quvvatov klubidagi taqdiri, nega chetda to‘p surish imkoniyati kamligi va yangi murabbiy haqida

Sanjar Quvvatov klubidagi taqdiri, nega chetda to‘p surish imkoniyati kamligi va yangi murabbiy haqida
“Paxtakor”da bir necha yildan beri faoliyat olib borayotgan darvozabon Sanjar Quvvatov bugungi kunga kelib klubning muhim qismiga aylangan.
U ilgari “Mash’al” hamda “Nasaf” jamoalari sharafini himoya qilgan. So‘ng “Paxtakor”ga ko‘chib o‘tgan. O‘tgan vaqt davomida Quvvatov tajribasini ancha oshirdi.

O‘tgan mavsumda ko‘plab o‘yinlarda unga ishonch bildirildi. Quyida ushbu posbon bir qator masalalarda o‘z fikrini bildirdi.

Mavsumga tayyorgarlik va o‘zgarishlar xususida
- Bilasiz, bizga yangi murabbiy keldi. Tarkibda ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Yetakchilarimiz – Anzur Ismoilov bilan Yegor Krimes jamoamizdan ketishdi. Ular eng yaxshi o‘yinchilarimizdan edilar. Lekin ushbu ketganlarning o‘rniga yomon futbolchilar keldi, deb ayta olmayman. Mashg‘ulotlarda, Turkiyadagi o‘yinlarda ko‘rdik, yaxshi taassurot qoldirishdi. O‘yinida unchalik kamchilik ko‘rinmadi. Murabbiyga keladigan bo‘lsak, rosti, menga yoqdi, har tomonlama. Odamgarchiligi yaxshi, mashg‘ulotlari ham qiziqarli. Oldingi bosh murabbiy Piter Xyuistrani ham jamoamizda juda hurmat qilishardi. Har bir futbolchidan so‘rasangiz iliq fikrlar aytadi.

Umuman olganda, bu ikkala mutaxassisning mashg‘ulotlari har xil. Tayyorgarlik olib borish usullari ham ajoyib. Mashg‘ulotlarni bir yoki ikki mahaldan o‘tkazdik. Turkiyada ham yaxshi uchrashuvlarni tashkil qildik. Faqat “Dinamo” Tbilisiga qarshi omadimiz chopmadi. Mayli, barcha omadsizligimiz o‘sha o‘yinda qolib ketsin. Lekin o‘sha uchrashuvda imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha bizda ustunlik bor edi va hattoki, ulardan foydalanganimizda 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirish imkoniyatiga ega bo‘lardik.

Aytmoqchimanki, yaxshi saviyadagi jamoalarga qarshi bizda golli imkoniyatlar bo‘ldi. Ulardan hech qanaqasiga kam joyimiz bo‘lmadi, aksincha, ustun jihatlarimiz ko‘zga tashlandi. Masalan, “Dinamo” Kiyevga qarshi uchrashuvda to‘liq ustunlik biz tomonda bo‘ldi. Raqibni gol o‘tkazmagani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. O‘yin sifati bo‘yicha futbolchilarimiz har tomonlama ustunlik qilgandi. O‘ylaymanki, “Paxtakor”da yaxshi jamoa shakllandi. Yangi kelgan futbolchilar ham jamoaga birdaniga qo‘shilib ketishdi. Hamma ularni yaxshi qabul qildi va begonasirash yo‘q.

Arveladze bilan Voyneskini farqi
- Hamma murabbiyni futbolga o‘z qarashi va taktikalari bor. Hozirgi murabbiyimizni va Shota Arveladzeni ish uslublari boshqacha. Ochig‘ini aytsam, darvozabonlar murabbiyi haqida bo‘lsa, nimadir aytishim mumkin. Lekin qaysi bosh murabbiylarni taktikasi yaxshiligi haqida bir nima ayta olmayman. Albatta, Arveladze bilan ham ishlaganmiz va uning mashg‘ulotlari qiziq. Xyuistra bilan Arveladzening mashg‘ulotlari deyarli bir xil edi. Chunki ular birga ishlagan. Yangi kelgan murabbiyni ham o‘ziga yarasha qiziqarli tomonlari bor.

Takliflar borasida
- Sizga to‘g‘risini aytsam, menda variantlar bo‘lmadi. Boshqa klublar ham futbolchini avvalo shartnomasiga qaraydi. Hammaga aytaman: “Paxtakor”dan ketsangiz faqat xorij klubiga ketish kerak! Yana qaysi jamoaga ketish kerak? O‘zim uchun shu yerda qolganim yaxshiroq. Menga eng yaxshi variant bu “Paxtakor”.

Nima uchun xorijdan qiziqish bo‘lmadi?
- Chetdan taklif bo‘lmaganining o‘ziga yarasha sabablari bor. Yaxshi saviyadagi posbon bo‘lsangizda, Yevropada birinchi navbatda darvozabonning bo‘yiga qaraladi.

“Paxtakor” Quvvatov uchun eng yuqori darajami?
- “Nasaf” bilan erishgan yutuqlarimizga kelsak, chempionatda 2-o‘rinni olganmiz, bronzaga ham ega chiqqanmiz. Superkubokni yutganmiz. “Paxtakor” bilan esa O‘zbekistondagi barcha yutuqlarga erishganman. “Paxtakor” men uchun top-jamoa. Undan keyingi holatni, to‘g‘risi bilmadim. Klubim bilan shartnomam bor. Agar menga yana hamkorlikni davom ettirishni taklif qilishsa, shartnomamni cho‘zish niyatim bor.

Superkubok oldidan
- “Nasaf”ga qarshi Superkubokdagi o‘yin uchun juda yaxshi tayyorgarlik olib boryapmiz. Albatta, “Nasaf”ning ham qanday tayyorlanayotganini bilgan holda biz ham shunga qarab astoydil shug‘ullanyapmiz. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi, degan umiddaman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sanjar Quvvatov klubidagi taqdiri, nega chetda to‘p surish imkoniyati kamligi va yangi murabbiy haqida