16:55 / 11.03.2022
1 690

“Roma”ga sig‘mayotgan Shomurodov “Jenoa”ga yetishmayapti

“Roma”ga sig‘mayotgan Shomurodov “Jenoa”ga yetishmayapti
O‘zbekistonlik futbolchilar xorijga yo‘l olsa, bundan xursand bo‘ladimiz. Ammo chetga ketganlarning aksariyati 6 oyda qaytib kelmoqda. Faqatgina terma jamoa yulduzlari klublarida muqim joy egallagan. Biroq…

Biroq hozirgi kunda terma jamoa yetakchilari zaxirada qolib ketmoqda. Eldor Shomurodov va Jaloliddin Masharipov fikrimizga misoldir. Masharipov yangi murabbiy bilan bog‘liq vaziyat tufayli asosiy tarkibga kiritilmayapti. Bu tez orada hal bo‘lishi mumkin…

Shomurodovda vaziyat shunga o‘xshash. Joze Mourino uni maydonga deyarli tushirmay qo‘ydi. Portugaliyalik mutaxassis hujumda harakat qilayotgan futbolchilarni o‘zgartirmayapti, rotatsiya qilishni lozim topmayapti. Avvallari tavakkal qilishdan qo‘rqmagan murabbiy hozir bunday jasorat ko‘rsata olmayapti. Aksiga olib, uning tanlovlari ko‘p hollarda noto‘g‘ri chiqyapti. Buni “Roma”ning natijalaridan ham bilish mumkin.

“Bo‘rilar”ning hujumida harakat qilayotgan Temmi Abraxam va Nikolo Dzanolo A Seriya 28 turida 15 ta gol urgan. Abraxam 13 bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan. Deyarli barcha o‘yinlarda maydonga tushayotgan Nikolo Dzanolo 2 marta gol urgan. Ba’zida ko‘rinish berayotgan Shomurodov hisobida ham shuncha gol mavjud. Bu ham Mourino rotatsiya qilishi kerakligini anglatadi. Biroq amalda unday bo‘lmayapti.

To‘g‘ri, Dzanoloning foydali ish koeffitsiyenti yaxshidir. Biroq Eldorga imkoniyat berilsa, albatta, oqlaydi. U mehnatdan qochmaydigan, kurashuvchan futbolchi. Mavsumga tayyorgarlikda va startda yaxshi o‘ynagandi, gollar urgandi. Ammo Abraxam kelishi bilan Mourino o‘ylab o‘tirmay uni asosiy tarkibga kiritdi. Temmining eng katta yutug‘i hamda murabbiyning bunday qarorga kelishida uning Yevropadan ekanligi jumladan, APLda o‘ynagani tarozi pallasini og‘ir bosdi.

Abraxam jarohat olganda Shomurodov asosiy tarkibga kiritildi. O‘sha kezlari hamyurtimiz o‘zini ko‘rsa olmagani uning zarariga ishladi. Lekin bunday holat boshqalarda ham kuzatiladi.

Eldor nega Abraxamning o‘rniga maydonga tushmayapti deyishdan yiroqmiz. Faqatgina janob Mourino rotatsiya qilmagani kishini o‘yga solmoqda…

Hamyurtimiz “Jenoa”da to‘p tepgan kezlari aynan mavsumning ikkinchi qismida ochilgandi, ko‘zga ko‘rina boshlagandi. “Roma” esa u bu pallaga kelib yo‘q bo‘lib bormoqda. Bu tashvishli.

Genuya klubi ayni payt Italiya chempionatida 19-o‘rinda bormoqda. Jamoa hujumchilari Mattia Destroda 9, Kaleb Ekuban bitta gol urgan. Samaradorlik ancha past va shu bois jamoa A Seriya bilan xayshlashishga asosiy nomzod.

O‘tgan mavsum “Jenoa”da shunday holat kuzatilgandi. Biroq Eldor Shomurodov va Janluka Skamakka oxirgi turlarda o‘zini ko‘rsatib, jamoaga qimmatli ochkolarni taqdim etgan va klub ligada jon saqlab qolgan. Bu safar ularning o‘rni bilinmoqda…

Joze Mourinoning murabbiylikdagi g‘oyalari eskirganga o‘xshaydi. Borgan joyidan iste’folarga chiqmoqda, jamoalar bilan biror natijaga erishmayapti. U avvalgidek qo‘rqmas, qaytmas “number one” emas. Taktikalari o‘tmayapti. O‘zgarishga muhtoj…

Biz bu bilan Shomurodov “Jenoa”ga qaytishi kerak degan fikrdan yiroqmiz. Faqatgina Mourino o‘zgarishlar qilishga qo‘rqayotgani, buning oqibatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi o‘yin amaliyotidan qolayotgani haqida mulohaza yuritdik xolos. Bir so‘z bilan aytganda, Joze Mourino juda xunuk qariyapti!

Bekzod Isayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma”ga sig‘mayotgan Shomurodov “Jenoa”ga yetishmayapti