23:30 / 11.03.2022
1 420

Mirjalol Qosimov: "Yo‘qotishlar bahona emas, bu men uchun sinov"

Mirjalol Qosimov: "Yo‘qotishlar bahona emas, bu men uchun sinov"
Superliganing 2-turidan o‘rin olgan "Lokomotiv" – AGMK uchrashuvidan so‘ng Mirjalol Qosimov fikrlarini bildirdi.

O‘yin haqida
— Mag‘lub bo‘lishga haqli emasdik, lekin bu futbol. Bugun stadionga tashrif buyurgan hamda televizor orqali uchrashuvni kuzatgan muxlislarga o‘yin ma’qul bo‘ldi, sababi chiroyli futbol guvohi bo‘ldik. Jangovarlik, shiddatlilik hamda tezkorlik jihatdan ikki jamoa ham ko‘ngildagidek o‘yin namoyish etdi. "Lokomotiv" bu borada omadliroq chiqdi, ularni tabriklayman. Mashaqqatlar bilan gol urib, tezkor gol o‘tkazib yubordik. Futbolda o‘ziga yarasha qonun-qoidalar bor. Ikkinchi bo‘limda ham yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lgandik, ulardan unumli foydalanishimiz lozim edi. Futbolda "Sen urmasang, senga urishadi" degan naql bor. Xatolar ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. Jarohatlangan hamda diskvalivikatsiyaga uchragan futbolchilarimiz bizga yordam bera olmayotgani sababli uchrashuv so‘nggida o‘yinimizni kuchaytira olmadik. Yigitlarimizning yog‘ingarchilik bo‘lgan havoda toliqqani ko‘rinib qoldi. Shu jihat orqali ham ko‘pgina o‘yinlarimiz taqdiri hal bo‘lgan. Yo‘qotishlar ham men uchun sinov, bu ham o‘z o‘stimizda ko‘proq ishlashga turtki beradi.

— Bugun zaxirada o‘yinchilar yetishmasligi tufayli 78-daqiqaga boribgina o‘zgarish qildingiz. Unda ham himoyachi Ahmadaliyev yarim himoyachi pozitsiyasida harakat qildi.
— Shifokorlarimiz jarohatlangan futbolchilarni ertaroq tuzatishga harakat qilmoqda. Ularning tuzalishi o‘yinga tayyorligini bildirmaydi. Ular jismoniy jihatdan ham shay bo‘lishi lozim. Yo‘qotishlar ham bizga pand berib qo‘ydi. Bu bahona emas, balki tajriba orttirish uchun sinov. Bugun yigitlar chiroyli, kombinatsion o‘yin ko‘rsatishdi.

— O‘yinda 20-25 daqiqa davomida shunday taassurot paydo bo‘ldiki, Alisher Jalilov to‘psiz juda ko‘p yugurdi. U pas berish bobida juda mahoratli sanaladi. Nima sababdan Jalilov singari uzatmalarni qoyilmaqom ijro etadigan futbolchilar to‘p bilan ko‘p muomala qilmayapti?
— Uning jamoaga moslashishi uchun biroz vaqt talab etiladi. Hozirgi futbolda ko‘p harakat qilish zarur. Aaqatgina texnikaga asoslanib, o‘yin taqdirini hal qiladigan zamonlar o‘tib ketdi. Alisherda yaxshi imkoniyatlar yuzaga keldi, u yaxshi ochilishlar qildi. Maydonga chiqqan har bir futbolchi to‘g‘ri harakat qilishi kerak.

— Zafar Polvonov o‘yin oxirlarida maydonga tushdi. Uning ustun jihati — bosh bilan yaxshi o‘ynaydi. Biroq AGMK futbolchilari qanotdan uzatmalar amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch keldi. Bu futbolchilardagi charchoq alomati bilan bog‘liqmi?
— Bu savolga o‘zingiz javob berib qo‘ydingiz. Savol uchun ham, javob uchun ham rahmat.

— 22-daqiqada "Lokomotiv" himoyachisi pas berishda to‘pni Alisher Jalilovga "sovg‘a qildi". Jalilov to‘p bilan 4 qadam yurdi, ammo ikki qanot yarim himoyachilari va hujumchi unga pas oshirish uchun variant bermadi. Tezkor qarshi hujumga ketish mumkin bo‘lgan joyda Jalilov to‘pni orqaga qaytardi.
— Bu savolga javobni o‘yinni qayta ko‘rgach, ayta olishim mumkin. Bu vaziyatda u to‘pni qabul qilishidan avval o‘ylash kerak edi, bu o‘yin shaxmat emas, himoyachilar tezda bo‘shliqlarni to‘ldirishadi. Qachon g‘alaba qilinadi? 11 ga 11 o‘ynalganda, fikrlash doirasi, tezlik, to‘pni nazorat qilishda mohirlik orqali.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "Yo‘qotishlar bahona emas, bu men uchun sinov"