09:44 / 17.03.2022
1 660

Hakamlar "Paxtakor" foydasiga "Olimpik"ni "chopdimi"?!

Hakamlar "Paxtakor" foydasiga "Olimpik"ni "chopdimi"?!
Biroz oldin yakuniga yetgan bahs ko‘pchilikda turli xil fikr uyg‘otdi. "Paxtakor"ning mavsumdagi birinchi ochko yo‘qotishi, "Olimpik"ning amaldagi chempiondan 1 ochko olgani boshqa masala. O‘yin yakunida barchaning e’tibor markazida hakamlik bo‘ldi. Afsuski, yana hakamlik...

Negadir, bizni hakamlikda voqealar rivojiga qarab referilarning qarorlari o‘zgaradi. Agar bir jamoaga 100 foizlik vaziyat uchun penalti belgilasa, o‘yin yakuniga qadar 25-30 foizlik fol uchun albatta 11 metrlik nuqtani ko‘rsatadi.

"Olimpik" va "Paxtakor" to‘qnashuvida ham shunday vaziyatga guvoh bo‘lgandekmiz. Hakam "sherlar"ga qizil kartochka ko‘rsatgach, ikkinchi bo‘lim boshida "Olimpik"ni bir kishi kam bo‘lib qolishini "ta’minladi". Keling, o‘sha epizodni ko‘rib chiqamiz.

Cheranning uzatmasidan so‘ng Aziz Turg‘unboyev raqibdan tezlikda o‘tdi, ammo "Olimpik" himoyachisi "korpus" yordamida to‘p yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi. Natijada, "Paxtakor" futbolchisi muvozanatni yo‘qotdi. Mayli, qo‘pollik bor deb hisoblaylik, ammo holat qizil kartochkaga qay darajada tortadi?

Agar hakam so‘nggi najot foli deb baholagan bo‘lsa, Aziz Turg‘unboyevni oxirgi himoyachi to‘xtatgani yo‘q. Undan bir-ikki qadam oldinda "Olimpik"ning yana bir futbolchisi bor edi. Boz ustiga, futbolda yelkama-yelka kurash jarayoni qoidaga zid emas.

Suratni yaqinroq ko‘rsangiz, mezbonlar a’zosi faqat yelkasi yordamida kontaktga kirmoqda. Aziz Turg‘unboyev esa, muvozanatni yo‘qotdi. Bu normal holat. "Sherlar" a’zosi, har qanday vaziyatda jamoasi foydasiga ishlashga urinadi, ammo o‘rtadagi balansni ushlab turishi kerak bo‘lgan bosh hakamchi?

Bu epizod shu qadar katta muhokamaga sabab bo‘ldiki, bahsdagi boshqa bir voqea ko‘pchilikning e’tiborini tortmadi. 21-raqamdagi Ibrohimov "Paxtakor" jarima maydonchasi ichida Larin tomonidan to‘xtatildi.

Takroriy lavhani tomosha qilgach, bu yerda penalti bordek ko‘rindi. Har holda, menga shunday tuyuldi, yana bilmadim. Boya qizil kartochkali vaziyatga baho berishda VARga murojaat etishga erinmagan hakam bu safar o‘zini ortiqcha urintirgani yo‘q. U shunchaki, o‘yinni davom ettirish kerakligini ko‘rsatdi. Ushbu lavhani tomosha qiling va tafakkur qiling! Larin to‘p uchun kurashda yengildi, raqibi zarba nuqtasida edi, kontakt yaqqol ko‘rindi, ammo referi bu epizodda 11 metrlik nuqtani ko‘rsatmadi.

O‘ylashimcha, bosh hakam o‘yinni buzib qo‘yishdan qo‘rqdi. Afsuski, asl muammo ham shunda. Mahalliy referilarimiz o‘yin qoidalariga rioya qilishdan ko‘ra, bahsdan so‘ng o‘zlarini kamroq muhokama qilishlarini afzal ko‘radigandek taassurot qoldirmoqda. Bilmadim-ku, ammo agar birinchi bo‘limda Ikrom Aliboyev chetlatilmaganida, bosh hakam ikkinchi taymdagi bahsli vaziyatda qizil kartochka ko‘rsatmagan bo‘lardi. Agar o‘yin 1:0 hisobida borayotgan bo‘lganida, Ibrohimovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun penaltini o‘ylab o‘tirmay qo‘ygan bo‘larmidi. Ikki tomonni ham xafa qilmaslik uchun referi sun’iy balans hosil qilishga uringandek tuyuldi.

To‘g‘ri, yakunda u bu ishni uddaladi. Ikki tomon ham xursand bo‘ldi. Kapadze "Paxtakor"dan ochko olganiga xursand bo‘lsa, Slavche autsayderga mag‘lubiyatga uchramaganidan mamnun! Bugun o‘yinni boshqargan hakamning qarorlari allaqachon chiroyli tarzda oqlandi. Sababi oddiy. Futbolda 50/50 vaziyatlarda ikki tomon ham haq bo‘lib chiqaveradi, ammo bir narsani unutmaslik lozim: referilarimiz futbolchi va murabbiylarni xafa qilmaslikka chirangani sari, ularni qo‘rqoq, kuchsiz, dangasa qilib qo‘yadi. Natijada, xalqaro maydondagi aksariyat bahslarda futbolimiz vakillaridagi bosim va hadik oshib boraveradi. U yerda ularni ko‘ngliga qaraydigan "mehribon" referilar yo‘q. U yerda chinakam jang ketadi. Jangda esa, mashg‘ulotda (ichki birinchiligida) og‘irliklarga ko‘nikib qolganlar yutadi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hakamlar "Paxtakor" foydasiga "Olimpik"ni "chopdimi"?!