18:00 / 25.03.2022
1 177

"Yig‘inga chaqirilgan futbolchilar ayni paytda eng zo‘ri!" - Katanes

"Yig‘inga chaqirilgan futbolchilar ayni paytda eng zo‘ri!" - Katanes
"Navruz Cup" xalqaro turniri oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi Srechko Katanes ishtirok etdi va quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

"Barchangizga Assalomu alaykum. O‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘zim kutgan narsa - futbolchilarning holatini ko‘rib olishim mumkin. Yangi futbolchilar uchun bu juda katta sinov bo‘ladi. Tarkibimizda oldin qo‘l ostimda o‘ynamagan futbolchilar bor. Albatta, biz doim g‘alaba qozonishni istaymiz.

To‘g‘risi, men hech qachon o‘rtoqlik o‘yinlarida birinchi maqsad sifatida g‘alabani qo‘ymayman. Buni kim qanday tushunadi, bu o‘ziga havola. Biz hech qachon o‘zimizni bunday bosim ostida ushlamasligimiz lozim. O‘z nomi bilan bu nazorat o‘yini.

Terma jamoa libosini kiyishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p futbolchilar bor. Ulardan ba’zilari hozir chaqirilishi ham mumkin, masalan Iskanderov. Biroq ro‘yxat chegaralangan va men hammani ham yig‘inga jalb eta olmayman. Hozir chaqirilgan futbolchilar ayni paytda eng zo‘ri!

Abramov paytidagi jamoa haqida to‘liq fikr bildira olmayman. Ular Jahon chempionati 3-saralash bosqichiga nima sababdan chiqa olmagani ham menga qorong‘u. Yig‘in boshlanganiga juda kam vaqt bo‘ldi. Biz o‘tgan mavsum so‘ngini tomosha qildik. Birinchi o‘rin taqdiri oldindan hal bo‘lgani ichki chempionat saviyasi qandayligidan dalolat beradi.

Bu mavsum startini ham ko‘rdim va hozircha, fikr bildirishga biroz erta deb hisoblayman. O‘tgan yilgi kuzatuvlarim natijasiga ko‘ra, Aliboyev, Ashurmatov kabi legionerlarni eslab qolgandim. Aslida, ular nega O‘zbekistonga qaytib kelayotganini tahlil qilish lozim.

Shahboz Umarov, Jasur Yaxshiboyev kabi futbolchilarning o‘yinlarda doimiy harakat qilayotganini ko‘rmayapman. Eldor Shomurodov va Oston O‘runov haqida ham shuni aytish mumkin. Jaloliddin Masharipov so‘nggi o‘yinlarda yana asosiy tarkibga qaytishni boshladi.

Mening ishim o‘zbek futbolchilari ichidan eng yaxshilarini saralab, ularni MTJda o‘ynatish. Biroq men ularni klub safida deyarli ko‘rmayapman. Shuning uchun ertangi bellashuvda hamma narsa bo‘lishi mumkin deb hisoblayman. To‘g‘risi, agar barcha legionerlarimiz to‘liq o‘ynayotgan bo‘lganida, bundan ham yaxshiroq holatda bo‘lishimiz mumkin edi.

Shuni aniq ayta olamanki, men Namangandagi stadionda bo‘lgan paytimda juda ko‘p muxlislarga guvoh bo‘lganman. Ular "Navbahor"ni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlagandi. Menimcha, ertaga O‘zbekiston MTJ ishtirokida ham xuddi shunday bo‘ladi.

Albatta, bu ob-havoga ham bog‘liq. Bitta maydonda ketma-ket ikkita o‘yin o‘tkazish sifatga qanday ta’sir qilishini bilmayman. Birinchi turda "Navbahor" muxlislari raqib hujumlari paytida ham qarsak chalib, qo‘llab-quvvatlagandi. Menimcha, ular juda tarbiyali insonlar.

Ibrohimhalil Yo‘ldoshev va Husain Norchayev bundan buyon ko‘p vaqtini Olimpiya TJsi bilan o‘tkazadi deb kim aytdi? To‘g‘ri, ularda bu yil Osiyo chempionati bor. Biz bu mavzuda ko‘p gaplashamiz. Biroq MTJ ham Osiyo Kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi lozim. Qaysi turnirga ko‘proq e’tibor berilishini bilmayman, ammo ishonavering, men ularni milliy terma jamoaga kerak deb hisoblasam, ular bizning tarkibimizda bo‘ladi.

- Ertaga klubida zaxirada o‘tirgan Shomurodov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushadimi yoki asosiy tarkib futbolchilari bo‘lgan boshqa legioner hujumchilarimizmi?

- Albatta, Eldor Shomurodovga ishonch bildiramiz. Shuningdek, Sherzod Temirovga ham vaqt berishni niyat qilganmiz. Eldor jamoa sardori. Bizda Shomurodov, Masharipov, Shukurov kabi yetakchi futbolchilar bor. Ularning har uchalasi sardor, ammo bog‘ich bitta. Men uni Eldorga berishni istadim, chunki u MTJ safida qolganlardan ko‘proq o‘yin o‘tkazgan.

Namanganda boshqa stadion bo‘lmagani uchun shu yerda barcha o‘yinlar o‘tkaziladi va biz e’tiroz bildira olmaymiz. Balki bu yoshlar jamoalariga to‘g‘ri kelar, ammo milliy terma jamoalar uchun biroz qiyin masala. Lekin barchasini ertaga bilib olamiz.

Shu narsaga ishonchim komilki, birinchi o‘yindan so‘ng maydon sifatiga ancha zarar yetadi. Boisi, yomg‘ir ko‘p yog‘moqda. Men buni bahona qilmoqchi emasman, raqib ham biz bilan bir xil sharoitda to‘p tepadi. Barchasiga moslashishimiz lozim. Birinchi turdagi "Navbahor" - "Nasaf" o‘yinidan so‘ng maydon sifatini ko‘zdan kechirganimda, uning sifati o‘yindagidan pasayganini sezdim. Lekin boshqa choramiz yo‘q".

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Yig‘inga chaqirilgan futbolchilar ayni paytda eng zo‘ri!" - Katanes