13:57 / 29.03.2022
1 870

Rossiya klublari OCHLda?!

Rossiya klublari OCHLda?!
"Zenit" - "Paxtakor", "Spartak" - "Navbahor", "Rubin" - "Nasaf"! OCHLda mana shunday qarama-qarshiliklar paydo bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, voqealar rivoji qanday ko‘rinish olmoqda?

Yaqinda rus nashrlaridan birida kattagina maqola chop etildi. Unda RPL klublarining UYEFA tasnifidagi musobaqalardan chetlatilinishi sababli boshqa xalqaro turnirlardan birida ishtirok etish imkoniyati haqida so‘z boradi. E’tiborlisi shundaki, rossiyalik hamkasblarimiz Osiyo chempionlar ligasini eng ideal variant deb hisoblamoqda. Keling, championat.com saytida e’lon qilingan maqolaga e’tibor qaratamiz.

Rossiya klublari yevrokuboklardan chetlatilganidan xabaringiz bor. Katta ehtimol bilan, bu cheklov hali-beri olib tashlanmasa kerak. Bu voqea fonida turli xil variantlarni ko‘rib chiqish haqida so‘z borishi mumkin. Misol uchun, Aleksander Samedov rus klublarini OCHLda ishtirok etishi mumkinligi haqida fikr bildirdi:

"OCHL - bu YECHLning analogi. Unda ishtirok etishimiz mumkin. Agar "Loko" yoki "Spartak" Osiyoda g‘alaba qozonsa, bu katta yutuq bo‘ladi. Agar jiddiyroq yondashsak, unda zafar quchish oson bo‘lmaydi".

Bir qarashda, Rossiya terma jamoasining sobiq futbolchisi bildirgan fikrda jon bordek. Hozir bu eng aktual mavzu bo‘lib turibdi. Xo‘sh, bu haqiqatga qay darajada yaqin?

OFK tarkibiga qo‘shilish Rossiya uchun yagona imkoniyat?
Katta ehtimol bilan, Rossiya-Ukraina mojarosi yakun topishi bilan ham UYEFA rus klublariga litsenziyalarni qaytarib bermaydi. Yevropa futboli rahbarlari sanksiyalar qo‘llashda davom etishi va bosimni oshirishi mumkin. Shvetsiya, Polsha singari boshqa Yevropa davlatlari ham Rossiya terma jamoasi bilan to‘p tepishdan bosh tortishi ehtimoli yo‘q emas. Eng optimistik versiya sifatida klublarni neytral maydonda to‘p tepishining talab etilishi keltiriladi. Xo‘sh, ruslar bunday vaziyatda UYEFAda qolishdan qanday naf ko‘radi?

Janni Infantino FIFA rahbari sifatida Rossiyani JCH saralashidan mahrum qilgan bo‘lishi mumkin, ammo shaxs sifatida OFKga o‘tishiga qarshilik qilmaydi, nazarimizda. To‘g‘ri, buning uchun Ukraina-Rossiya qarama-qarshiligi yakun topishi shart. Agar ikki tomon o‘zaro kelishuvga erishsa, FIFA UYEFAdan farqli o‘laroq, Rossiya futboliga yangi imkoniyat taqdim etishi haqiqatga yaqinroq. Infantino bu qarori bilan xuddi bir o‘q bilan ikki quyonni urgandek foyda ko‘radi. Yevropa bilan janjalni oldini oladi va Rossiyani jahon futbol xaritasida saqlab qoladi. Rus klublari OCHLda harakat qilishi uchun bundan boshqacha variant yo‘q. OFK FIFAga bo‘ysunishini hisobga olsak, siyosiy ahvol yaxshilanishi bilan bu "kombinatsiya"ni amalga oshirish imkoniyati bor.

OFKning ustavlariga ko‘ra, Rossiyaning Osiyo futboliga o‘tish imkoni bormi?
Osiyo futbol konfederatsiyasi yangi a’zolarni qo‘shib olish borasida quyidagi talablarni qo‘yadi:
"Assotsiatsiya geografik jihatdan Osiyo qit’asida joylashgan bo‘lishi shart. Agar unday bo‘lmasa, bu mamlakat boshqa birorta qit’a futbol birlashmasiga a’zo bo‘lmasligi lozim. Bunday holatlarda FIFAning qarori bilan OFK safiga yana bir assotsiatsiya qo‘shilishi mumkin".

Shu kabi holat avval ham bo‘lgan. Masalan, Isroil 1954-1974 yillar oralig‘ida OFK doirasidagi musobaqalarda ishtirok etgan. Keyinchalik, arab mamlakatlarining jiddiy e’tirozi sababli OFKni tark etishga majbur bo‘lgan. 1994 yilga qadar ushbu yurt vakillari birorta konfederatsiyadan joy olmadi. Oradan 20 yil o‘tibgina, UYEFA a’zosiga aylandi.

Shuningdek, Yangi Zelandiya ham qisqa muddat bo‘lsa-da, Osiyo futbolidan "nafas olgan". 1964-66 yillarda mamlakat futboli rahbarlari Osiyoda o‘z omadini sinab ko‘rishga qaror qiladi. Ko‘p o‘tmay, Okeaniya futbol konfederatsiyasi tashkil etilgach, o‘ylab o‘tirmay Osiyoni tashlab ortga qaytishgan.

Avstraliya esa, aksincha, Okeaniyani Osiyoga almashtirdi. Qozog‘iston futboli ham konfederatsiyamizni 2002 yilda tark etib, UYEFA tomonga "o‘tib ketgan". Bunday misollarni ko‘rib, Rossiya futboli uchun Osiyo so‘nggi choradek tuyulayotganini payqashimiz qiyin emas.

RPLdan nechta ishtirokchi OCHLga qo‘shiladi?
Rus klublari ushbu musobaqada birdaniga favoritlar qatorida ko‘rilmasligi turgan gap. Boz ustiga, reytingdagi ballar inobatga olinadigan OCHLda 0 ko‘rsatkichga ega RPL a’zolaridan nari borsa faqat bittasi saralash o‘yinlarida ishtirok etishi mumkin. Agar barchasi taxmin qilingan relsda ketsa, 2023 yilda RPL chempioni OCHLning saralash bosqichidan kurashga qo‘shilishi mumkin bo‘ladi.

Shunday bo‘lsa-da, Rossiya futbolining Osiyoga tashrif buyurishini ortga tashlangan qadam, deyish mumkin. Bu futbol iqtisodiyoti uchun chinakam regress. OCHL g‘olibi qo‘lga kiritadigan 4 million dollar YECHLda ishtirok uchungina taqdim etiladigan summadan bir necha barobar kichikroq. Bu o‘z-o‘zidan klub budjeti qisqarib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Rossiya uchun UYEFAda qolish eng yaxshi variant. OFK - ular uchun ortga tashlangan qadam bo‘lishi aniq.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiya klublari OCHLda?!