Mavsum oxiriga yaqinlashgan sari “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov oldida yangi variantlar paydo bo‘la boshladi.
Maʼlumki, “Jenoa” tarkibidagi yorqin debyut mavsumidan keyin hujumchimiz Joze Mourinyo taklifiga binoan “Roma”ni tanlagan edi. Eldor bergan intervyularining birida “Yuventus” varianti ham bo‘lgani, biroq “Roma”da o‘ynab ketishiga ko‘proq ishongani uchun poytaxtliklar taklifini qabul qilganini taʼkidlagan edi.
Darhaqiqat, “Roma”dagi faoliyati yomon boshlanmadi. Hujumchimiz mavsumoldi yig‘inlardagi o‘rtoqlik uchrashuvlaridagol urib, o‘zini ko‘rsatdi. UYEFA tasnifidagi xalqaro turnir - Konferensiyalar ligasining saralash bosqichiga to‘g‘ri kelgan ilk rasmiy uchrashuvida Turkiyada “Trabzonspor” jamoasi darvozasini ham ishg‘ol qilib, debyut golini nishonladi.
Lekin Rim klubi “Chelsi” yulduzi Temmi Abraxam transferini uddalaganidan keyin Joze Mourinyo Eldorni zaxiraga mixlab qo‘ydi. Mourinyo asosan bir hujumchi bilan o‘ynayotgani bois, qimmatbaho yulduzning maydondagi o‘rni kafolatlangan. Qolgan hujumchilar esa o‘z vaqtini kutishiga to‘g‘ri kelyapti.
Temmi Abraxam ham o‘ziga berilgan imkoniyatni to‘liq oqlayotganini ham tan olish lozim. U kuchli beshlik chempionatlaridagi hamyurtlari orasida eng ko‘p gol urgan to‘purar bo‘lib turgani ham shundan dalolat beradi.
Ko‘pchilik o‘zbekistonlik muxlislarni Shomurodov zaxirada o‘tirishdan ko‘ra, boshqa jamoaga o‘tish varianti qizitirmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek hujumchisiga Ispaniyadan “Sevilya”, Germaniyadan “Frayburg”, “Xoffenxaym va “Leypsig” qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.
Endi Yevropa futbolini qamrab olgan euro-football saytining aniqlashicha, Turinning “Torino” jamoasi Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha ish boshlagan. Turinliklar yozda keyingi yillardagi eng yorqin yulduzi Andrea Belottini qo‘yib yuboradi. Shartnomasi yakunlanayotgan to‘purar faoliyatini kuchliroq klublardan birida davom ettirishni maʼqul ko‘rgan.
“Torino” rahbariyati esa Eldor Shomurodov uning o‘rnini to‘la bosa olishiga ishonmoqda. Bu klub o‘zbek hujumchisini olish uchun ikki variant bo‘yicha ishlayapti. Agar ular “Roma”ni ko‘ndira olsa, Shomurodovning transfer huquqini to‘liq sotib olmoqchi. Rim klubi bu taklifni qabul qilmasa, “Torino” legioner hujumchini ijaraga olishga urinib ko‘radi.
Shomurodov asl maqsadi “Roma”da ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, o‘zini ko‘rsatish ekanini bir necha marotaba taʼkidladi. Biroq, amalda hamyurtimiz zaxirada qolib ketmoqda. Faktlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Eldor butun mavsum davomida barcha turnirlarda 33 marotaba maydonga tushib, jami 1000 daqiqa atrofida o‘ynadi. Bu juda kam. Shunga qaramay, o‘zi qatnashgan barcha turnirlar – Konferensiyalar ligasi, A Seriya, Italiya kubogida gol ura oldi. Hozirgi paytda Eldor hisobida to‘rtta gol va beshta golli pas qayd etilgan.
Shu o‘rinda Eldor aynan o‘ynaydigan yoshda ekanini taʼkidlash joiz. Mashhur klub zaxirasida vaqt o‘tkazgandan ko‘ra, unga muntazam o‘yin amaliyotini beradigan va to‘liq ishonch bildiradigan jamoada to‘p tepgani maʼqul.
Zero, Eldor “Jenoa” singari autsayder jamoadagi o‘yinlari bilan “Yuventus” va “ Roma” kabi katta klublar eʼtiboriga tushgan ekan, “Torino” darajasidagi klublarda ham yo‘qolib qolmasligi aniq.
Bir so‘z bilan aytganda, yaqinlashib kelayotgan yozgi transferlar mavsumida Eldor Shomurodov nomi ko‘p yangraydiganda o‘xshab turibdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, hujumchimizga omad tilab, uning atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi