961
Samvel Babayan: "Barcha jamoalar "Navbahor"ga qarshi o‘zgacha kayfiyatda maydonga tushadilar"
O‘zbekiston Coca Cola kubogi guruh bosqichi, 2-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Dinamo” (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.Samvel Vyacheslavovich avval o‘yin haqida to‘xtalib, quyidagicha fikr bildirdi.
- Ko‘p marotaba ta’kidlab o‘tganimdek, barcha jamoalar “Navbahor”ga qarshi o‘zgacha ishtiyoqda maydonga tushadi va biz uchun oson o‘yinlar yo‘q. Bugungi g‘alaba bilan klubimiz muxlislarini tabriklagan holda, yigitlarga “Dinamo” autsayder bo‘lishiga qaramay, butun uchrashuv davomida hushyorlikni yo‘qotmasdan o‘yinni nazorat qilishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. To‘g‘ri, shogirdlarim ko‘plab qulay vaziyatlardan foydalana olishmadi. Shunday bo‘lsa-da, ta’kidlaganimdek, yigitlar o‘yinni nazorat qila olishdi.
Yana shuni ham aytish lozimki, “Dinamo” tarkibidagi futbolchilar ko‘pchilikka notanish bo‘lishiga qaramay, murabbiy imzosi bilinib turibdi. Samarqandliklarning o‘yinlarini tahlil qilib, shunga guvoh bo‘ldikki, jamoa Superliga va O‘zbekiston Kubogi doirasidagi bahslarda raqiblarga munosib qarshilik ko‘rsata olgan va mag‘lubiyatga loyiq bo‘lmagan. Bir so‘z bilan aytganda, “Dinamo” yaxshi jamoa hamda keyingi o‘yinlarda nimalarga qodirligini namoyish eta oladi.
Yana bir marta g‘alaba bilan “Navbahor” muxlislarini tabriklab, shunday ruhda davom etamiz, degan umiddaman, - dedi Samvel Babayan.
- Ehsoni Panshanbe va Andrey Sidorov nega maydonga kam tushishmoqda?
- “Navbahor”da xohlagan paytda maydonga tusha oladigan ajoyib futbolchilar bor va ulardan birortasini alohida ajratib ko‘rsatishni istamayman. Ushbu o‘yinchilar qatorida zaxira o‘rindig‘idan o‘rin olgan boshqa futbolchilarni ham tilga olish mumkin. Payti kelib, ular maydonga tushib, jamoamizga yordam beradilar. Asosiysi, hozirgi vaqtda “Navbahor”ning har bir pozitsiyasida sog‘lom raqobat mavjud bo‘lib, teng kuchli bo‘lgan ikkita tarkibga egamiz va qaysi futbolchi o‘yinga tayyor bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi.
- Bugun “Navbahor” “Qizilqum”ga qarshi kechgan bahsdagi kabi yorqin o‘yin namoyish eta olmadi. Futbolchilar keyingi, “Neftchi” bilan bo‘ladigan “vodiy derbisi” uchun kuchlarini saqlashdimi?
- Bu fikringizga qo‘shilmayman. Boisi, yigitlar yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi, ammo ko‘p gol ura olishmadi. Yuzaga kelgan barcha vaziyatlardan foydalanganimizda, taassurotlar o‘zgacha bo‘lardi, albatta. Yigitlar ta’kidlaganimdek, o‘yin nazoratini o‘z qo‘llarida ushlab turishdi. Raqib futbolchilari darvozamiz oldida birorta ham xavfli vaziyat yarata olishmadi.
O‘z o‘rnida shuni ham ta’kidlamoqchimanki, u derbi bo‘ladimi yoki yo‘qmi, biz uchun raqibning farqi yo‘q. Boisi, aytib o‘tganimdek. barcha jamoalar “Navbahor”ga qarshi o‘zgacha kayfiyatda maydonga tushadi. Maqsadimiz “Navbahor”ning brendini tiklash, top klublar qatoriga qaytarish.
Shu bois, har bir bahsda maydonga g‘alaba qozonish ishtiyoqida tushamiz.
- Bugungi o‘yinda hujumlar yakuniga yetmadi. Buni nima bilan izohlaysiz?
- Birinchi bo‘limda hujumlar ancha keskin tus oldi. Ammo 2-bo‘limda haqiqatan ham hujumlar unchalik o‘xshamadi. Bu esa hisobning qaltisligi va bosim bilan bog‘liq. Boisi, raqib tushunarsiz hujum uyushtirish orqali tasodifan gol urib qo‘yishi ham mumkin edi. Islom Kenjaboyev zaxiradan maydonga tushganidan so‘ng, hujumdagi keskinlik kuchayib, yigitlar o‘shanda yuzaga kelgan vaziyatlardan foydalanishganida, kamida 3 ta gol urgan bo‘lardik.
To‘g‘ri, hujum chizig‘ida barqarorlik yo‘q. Ammo bugungi bahsning boshlang‘ich tarkibida maydonga tushgan futbolchilar ro‘yxatiga e’tibor bergan bo‘lsangiz, ulardan bor-yo‘g‘i ikki nafari o‘tgan mavsumda “Navbahor”da o‘ynagan yigitlar. Qolgan 9 nafari esa yangi futbolchilar. Ularning maydonda o‘zaro tushunishlari uchun esa biroz vaqt kerak. O‘zbekiston Kubogi bahslari bizga aynan shuning uchun shart. Superliganing 3-turidan so‘ng, Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi kechgan muhim uchrashuv oldidan chempionatda katta tanaffus yuzaga keldi. Bu esa o‘sha o‘yinga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Hujumda barqarorlik yuzaga kelishi uchun hali yana ko‘p mehnat qilishimiz lozim.
- Yegor Krimes qachon maydonga qaytadi?
- Yegor umumiy guruhda shug‘ullanib, jarohatidan tiklanmoqda hamda yuklamalarni bajarmoqda. Tarkimizdan 4 nafar markaziy himoyachi joy olgan va bu biz uchun omad. Aytganimdek, jamoamizda sog‘lom raqobat mavjud va kim o‘yinga tayyor bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi. Krimes O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zosi. Yegor joriy mavsum davomida jamoamizga hali ko‘p asqotadi.
- Azimjon Ahmedov jarohatidan forig‘ bo‘ldimi?
- Ahmedov jarohatdan keyingi tiklanish mashqlarini bajarmoqda. U asosiy tarkib o‘yinchisi va tezroq safimizga qaytishini kutyapmiz.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi