08:33 / 21.04.2022
1 157

"Paxtakor"ning sobiq futbolchisi: "Legionerlar o‘z darajasida o‘ynay olmayapti, undan ko‘ra..."

"Paxtakor"ning sobiq futbolchisi: "Legionerlar o‘z darajasida o‘ynay olmayapti, undan ko‘ra..."
Osiyo Chempionlar ligasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan “Paxtakor” hamda “Nasaf” klublarining ishtiroklarini barchamiz diqqat bilan kuzatyapmiz. Afsuski, ayniqsa, “Paxtakor”ning qayd etayotgan natijalari muxlislarni xafa qilmoqda. 4-turda Qatarning "Al-Duxayl” jamoasidan javobsiz uchta gol o‘tkazdi. Undan oldingi turda ham ushbu raqibga 2:3 hisobida yutqazgandi.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni ko‘rsatayotgan o‘yin qoniqarsiz bo‘lib, himoyadagi xatolar yaqqol ko‘zga tashlanib qolyapti. Cheranni hisobga olmaganda qolgan legionerlar “ish bermayapti”. Ayniqsa, himoyadagi xorijlik o‘yinchilarning sust harakatlari natijaga ham ta’sir ko‘rsatyapti. Umuman olganda, “Paxtakor”ning himoyasida muammolar borligi ayon. Klubning sobiq himoyachisi, hozirda “Navbahor” safida to‘p surayotgan Davron Hoshimov chempion jamoaning o‘yinlari bo‘yicha o‘zining munosabatini aytdi.

“Paxtakor”ga nima bo‘lyapti?

- Klublarimiz Osiyo Chempionlar ligasida O‘zbekiston nomidan o‘ynashyapti. Shunday ekan, albatta ularga muxlislik qilamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz. Xalqaro maydonda ishtirok etayotgan jamoalarimizga befarq emasmiz. “Paxtakor”ga kelsak, bu shakllangan jamoa. O‘zbekistonning yuzi desa ham bo‘ladi. Ammo Dragan Cheranning jarohat olgani ham jamoaga ta’sir qildi, deb o‘ylayman. Yirik hisobda yutqazgan o‘yinida himoyada xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Oldingi chiziqda Hojimat Erkinov va yana boshqa yigitlarga biroz tajriba yetishmayotgandek. Baribir “Paxtakor” bo‘lgani uchun xalq bu klubdan ko‘p narsa kutgandi. Bu – futbol. Qolgan ikkita uchrashuvga astoydil tayyorgarlik ko‘rib, g‘alaba uchun kurashish kerak. Hali imkoniyat bor deb hisoblayman.

Himoyadagi xatolar

- Himoyachi birinchi o‘rinda himoyani o‘ylashi kerak. “Paxtakor”da baribir hujum chizig‘i kuchliroq deb hisoblayman. Himoyachilar kamroq oldinga o‘tib, xatolarga imkon qadar yo‘l qo‘yishmasa, Osiyo Chempionlar ligasida natija qilsa bo‘ladi. Biz ham ko‘p marta o‘ynaganmiz. Bunday xalqaro darajadagi uchrashuvlarda ko‘pincha himoyaga e’tibor qaratardik. Himoyada o‘tkazib yubormasak, oldingi chiziqda albatta gol uramiz, degan maqsad va ishonch bo‘lardi. O‘zbekiston chempionatida “Paxtakor”da ikkita qanot himoyachilari hujumkor o‘yin ko‘rsatishga o‘rganishgan. Osiyo Chempionlar ligasida saviyali legionerlar bor. Shundan kelib chiqqan holda himoyada tartibli o‘ynash kerak. O‘yin davomida baribir hujumchilarda imkoniyatlar bo‘ladi. Qolgan uchrashuvlarda ijobiy natijalarni kutib qolamiz.

Legionerlar haqida

- Ikkita o‘rtadagi legioner himoyachilarni oladigan bo‘lsak, ular o‘zbek futbolchilaridan yaqqol ajralib turmayapti. Bu muxlislarni biroz ranjityapti. Dragan Cheran haqiqiy legionerligini, nimalarga qodirligini ko‘p yillar davomida isbotlab kelyapti. Ammo “Paxtakor”dagi ikki nafar himoyachini o‘z darajasida o‘ynay olmayapti, deb o‘ylayman. Legioner bo‘lganidan keyin ulardan ko‘proq talab qilinadi. Undan ko‘ra, “Paxtakor”ning yosh futbolchilarini tarbiyalagan yaxshiroq.

Imkoniyat qanday?

- Imkoniyat har doim bo‘ladi. Qolgan ikkita uchrashuvda “Paxtakor” olti ochko oladigan bo‘lsa, umid bor. Klub oxirigacha kurashadi. Faqat ortda qolgan bellashuvlarni va yo‘l qo‘yilgan xatolarni yaxshilab tahlil qilib chiqishlari lozim. Xato va kamchiliklar takrorlanmasa ikkita uchrashuvda ijobiy natijadan umid qilsa bo‘ladi.

“Nasaf” to‘g‘risida

- “Nasaf” jamoasining o‘rtadagi ikki nafar himoyachisi bir necha yillardan beri birga o‘ynab kelishyapti. Shuning evaziga ular bir-birini yaxshi tushunib to‘p surishyapti. Shuning hisobiga kam gol o‘tkazishyapti. “Nasaf”da jamoaviy o‘yin yaxshi shakllangan. Albatta, “Nasaf” jamoasiga muxlislik qilib qolamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor"ning sobiq futbolchisi: "Legionerlar o‘z darajasida o‘ynay olmayapti, undan ko‘ra..."