11:06 / 22.04.2022
1 113

Yaralangan “sher“ so‘nggi ovga tayyorgarlik ko‘rmoqda!

Yaralangan “sher“ so‘nggi ovga tayyorgarlik ko‘rmoqda!
Hozir “Paxtakor“ o‘z guruhida so‘nggi o‘rinda bormoqda. Ammo keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini boy berganicha yo‘q. Xo‘sh, poytaxtliklar ikki tur davomida barchasini ostin-ustun qilib tashlaydimi? Guruhdan chiqishning imkoni bormi? Matematikani boshlaymiz.

Bugungi holat

Afsuski, vaziyat ancha og‘ir. Ketma-ket mag‘lubiyatlar sababli “Paxtakor“ OAV tomonidan keskin tanqid qilindi. Bu “sherlar"ning ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgani bor gap. Futbolchilar yaxshi o‘ynagan bahslarda ham mag‘lubiyatga uchragani uchun yengil shok holatidan chiqib keta olganicha yo‘q. “Al-Ta’avun“ bilan o‘yindan so‘ng hammasi iziga tushib ketgandek ko‘ringan edi. Lekin Edmilsonning xet-trigi hammasini barbod qildi. Javob o‘yinida braziliyalikni qo‘riqlagan “sherlar“ boshqa "zona"larni ochiq qoldirdi. Qarabsizki, yana omadsizlik. Hozir amaldagi O‘zbekiston chempioni uchun ruhiy holatni o‘nglab olish eng muhimi.

“Paxtakor“da klass, yo‘lga qo‘yilgan o‘yin va yaxshi saviyadagi ijrochilar bor. Jamoa ustunliklarini bir mushtga jamlab, 5-turda 3 ochko olishi shart. “Sepaxon“dan olingan ochko, ruhiy holatni yaxshilanishi va so‘nggi o‘yinni “jang“ga aylantirish imkonini beradi. Xo‘sh, guruh jadvali qanday? Necha ochko “sherlar“ni pley-offga olib chiqadi?

22 aprel
“Sepaxon“ - “Paxtakor“;
“Al-Ta’avun“ - “Al-Duhail“.

27 aprel
“Paxtakor“ - “Al-Ta’avun“;
“Al-Duhail“ - “Sepaxon“.

Afsuski, hozir “sherlar“ning kvartetda ikkinchi pog‘onani zabt etishi to‘liq o‘ziga bog‘liq emas. Biroz matematikaga murojaat etish kerak...

Agar forslardan 3 ochko olinsa, hammasi poytaxtliklar foydasiga hal bo‘lishi uchun “Al-Duhail“ Saudiya Arabistoni klubi ustidan g‘alaba qozonishi shart. Ana shunda “Al-Ta’avun“da 7, “Paxtakor“da 6 ochko bo‘ladi. So‘nggi turda esa “sherlar“ Saudiya klubini yengsa, 9 ochko bilan guruhda ikkinchi pog‘onani band etadi. Bu chigal vaziyatda qolgan “Paxtakor“ uchun eng ideal yechim. Gap shundaki, agar “Al-Ta’avun“ “Al-Duhail“ ustidan g‘alaba qozonsa, 6-turda “sherlar“ “Sepaxon“ “Al-Duhail“dan ochko olib berishiga umid qilishga majbur bo‘ladi. Ya’ni, Voyneski shogirdlari 6 ochko jamg‘arib ham ikkinchi pog‘onaga ko‘tarila olmaydi.

OFK reglamentiga ko‘ra, ochkolar teng kelib qolgan paytda o‘zaro o‘yinlar birinchi planga ko‘tariladi. Shunday ekan, 5-turda “sherlar“ g‘alaba qozonibgina qolmay, “Al-Duhail“ning saudiyaliklarni mag‘lub etishini ham kutishi shart. Afsuski, barchasi bizni reja asosida ketganida ham yakunda pley-offsiz qolib ketishimiz hech gap emas. 2-pog‘onani egallagan hamma klublar ham keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega bo‘lmaydi. 5 ta kvartetdagi eng yaxshi ochko jamg‘argan 3 jamoa turnirdagi yurishini davom ettiradi. Demak, buyog‘iga “Paxtakor“ga 6 ochko bilan birgalikda boshqa detallar ham yordam berishidan umid qilamiz.

Oldindagi ikki o‘yin darajasi
Afsuski, bu o‘yinlarda “Paxtakor“ga Dragan Cheran yordam bera olmaydi. Uning yo‘qligi bois maydon markazidagi ayrim "tryuk"lardan voz kechish, imkon qadar mobilroq harakat qilish vazifasi markaz a’zolariga tushadi. Ikrom Aliboyev serbiyalik futbolchi o‘rnini egallasa, oldinda Sharkich “Paxtakor“ga bekorga taklif etilmaganini isbotlashi shart. Slavche Voyneski mana endi katta sahnaga chiqishi va “fishka“larini (ular bo‘lsa, albatta) ishga solishi kerak. Hozir “Paxtakor“ hammasini o‘z bo‘yniga olishga tayyor xaloskorga juda ham muhtoj.

U murabbiy yoki maydondagi futbolchi bo‘ladimi, farqi yo‘q. Asosiysi, klub mas’uliyatni bo‘yniga oladigan dovyurak insonga juda ham muhtoj. “Og‘ir zamonlar kuchli insonlarni yaratadi“ degan ibora bor. Hozir jamoa uchun oson bo‘lmagan davr. Bunday vaziyatda muxlislar suyangan Cheran jarohat oldi. Yangi qahramon katta sahnaga ko‘tarilmasa, toshkentliklar qolgan ikki o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchrashi hech gap emas.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yaralangan “sher“ so‘nggi ovga tayyorgarlik ko‘rmoqda!