07:30 / 29.05.2022
1 385

O‘zbekistonda yaratilgan ijtimoiy tarmoq va messenjerlar ommalashmayotgani sababi aytildi

O‘zbekistonda yaratilgan ijtimoiy tarmoq va messenjerlar ommalashmayotgani sababi aytildi
Respublikada bir nechta mahalliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, ular ommalashmayotganining sabablari bor. Bu haqda 28 may kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Doniyor Rustamov aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Daryo».

Doniyor Rustamov
Foto: Oliy Majlis Senati

Doniyor Rustamovning ta’kidlashicha, mahalliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlarni rivojlantirish uchun texnik va boshqa bir qator imkoniyatlar kerak.

«O‘zimizda ishlab chiqilgan milliy messenjer va ijtimoiy tarmoqlarni rivojlanmaslik holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdik. Bunga bir qancha omillar borligi aniqlandi. Masalan, bizda Davrauz, Gap kabi milliy messenjerlar yaratilgan. Lekin ular rivojlanmayapti. Bu holat tahlil qilinganda, aholining ushbu messenjerlarga ishonchsizlik bildirishi ma’lum bo‘ldi. Milliy ijtimoiy tarmoq yoki messenjerlar ishlab chiqilgandan keyin ulardagi ma’lumotlar uzatilishi va qabul qilinishidagi xavfsizlik masalasi asosiy muammo hisoblanadi. Shu bilan birga, tizimning uzluksiz ishlashi, foydalanuvchilar uchun o‘sha messenjer platformasida qulayliklar yaratilishi ham talabga javob bermaydi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Doniyor Rustamovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda milliy messenjerlar yaratish uchun dasturchilar tanlab olingan.

«Aprel oyida O‘zbekistondagi barcha ishlanmalar dasturchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, muammolarini eshitdik va ularni hal qilish uchun yordamlar ko‘rsatdik. O‘rganishlarga ko‘ra, ishlab chiqilgan ko‘plab messenjerlar uchun dasturchining xonadoni yoki ofisida mavjud qurilmalardan foydalanilgan. Afsuski, u qurilmalarning texnik imkoniyatlari katta emas. Katta hajmdagi ma’lumotlarga ishlov bera olmaydi. Yana bir masala, o‘sha ma’lumotlarni uzatish va qabul qilishdagi imkoniyatlar cheklangan. Masalan, Telegram’ni eng ishonchli messenjer deymiz. Unda kerakli kriptografik himoya vositalaridan foydalaniladi.

Ertaga o‘zimizdagi messenjerlar ekspertizadan yaxshi o‘tsa, aholiga: ‘bu ijtimoiy tarmoq o‘rnatilgan tartibda ishga tushirildi, kriptografik himoya vositalari ham, modullari ham ekspertizadan o‘tgan. Bundagi ma’lumotlarni bardoshliligi kafolatlangan’, degan kafolatni berish masalasini alohida belgilab oldik. Hozirda milliy messenjerlar yaratish belgilab olindi va buning uchun dasturchilar tanlandi. O‘ylaymanki, shu yilning yakunigacha 1 yoki 2 ta messenjerni to‘liq axborot xavfsizligi talablariga ekspertizadan o‘tgani bo‘yicha axborot beramiz
», — dedi vazirlik rasmiysi.

Majlisda ma’lum qilinishicha, bugungi kunda internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi kontentlar soni bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 51-o‘rinda turadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonda yaratilgan ijtimoiy tarmoq va messenjerlar ommalashmayotgani sababi aytildi