06:50 / 27.01.2025
223

«Temu» kabi «bozor»lar oʻz faoliyatini Oʻzbekistonda qonuniylashtirishi kerak

«Temu» kabi «bozor»lar oʻz faoliyatini Oʻzbekistonda qonuniylashtirishi kerak
2025 yil 1 iyuldan boshlab Oʻzbekistonda xalqaro platformalar uchun yangi qoidalar kuchga kiradi. Bunda asosiy talab — xorijiy marketpleyslar respublikada oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyishi, ya'ni rezident yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishi kerak boʻladi.

«Spot» nashrining Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) elektron tijorat boshqarmasi boshligʻi Kamronbek Muhammadiyevdan iqtibos keltirishicha, bu kabi «bozor»lar joriy yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekistondagi faoliyatini qonuniylashtirishi lozim.

K.Muhammadiyev, shuningdek, «Temu» xorijiy platformasi haqida toʻxtalib, u oʻzining tajovuzkor marketing strategiyasi bilan mashhurligini, 2024 yilda kompaniya reklamaga 4 mlrd dollar sarflagan boʻlsa, 2025 yilda bu miqdor 10 mlrd dollarga etishi kutilayotganini aytib oʻtgan.

«Tasavvur qiling-a, nima sababdan «Temu» reklamasi ilovaning har bir sahifasida yoki ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻlayotganini. Ular butun dunyo boʻylab yangi bozorlarga kirib borish uchun tajovuzkor usullardan foydalanmoqda», – deya ta'kidladi u.

Uning bildirishicha, platformadagi past narxlar soliq majburiyatlarini bajaradigan va qonun talablariga rioya qiladigan mahalliy tadbirkorlarga jiddiy raqobat yaratmoqda.

Mutaxassis, shuningdek, foydalanuvchilar har chorakda 1000 dollargacha boʻlgan tovarlarni chet eldan bojsiz buyurtma qilish huquqiga ega ekanligini eslatib oʻtdi.

«Bu har bir fuqaromizning huquqi. Biz uni cheklay olmaymiz va cheklamaymiz», – deydi Muhammadiyev.

Shunday qilib, joriy yil 1 iyuldan boshlab «Temu» va boshqa xorijiy onlayn savdo platformalari yangi qoidalarga moslashishga majbur boʻladi.

Platformalar yangi talablarga moslashmaganda, nazorat organlari va boshqa davlat idoralari tomonidan choralar qoʻllanilishi mumkin.

«ILMA xizmatlarni oʻz-oʻzidan toʻsib qoʻymaydi. Biroq, kompaniyalar belgilangan muddatlar oʻtganidan keyin ham mahalliy qonunchilikni butunlay e'tiborsiz qoldirsalar, albatta choralar koʻriladi. Bu ularning faoliyatini cheklashdan tortib xizmatlarni toʻsib qoʻyishgacha boʻlgan choralarni oʻz ichiga olishi mumkin. Ammo bunday harakatlarni tegishli davlat tuzilmalari amalga oshiradi», – deb tushuntirdi Kamronbek Muhammadiyev.

Uning aytishicha, bloklashdan avval nazorat organi tegishli idoralar tomonidan koʻrib chiqiladigan xabarnoma yuboradi. Faqat barcha holatlar sinchiklab oʻrganilgandan soʻnggina bloklash haqida qaror qabul qilinishi mumkin.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno