
Apple kompaniyasi AQShda joriy etilishi kutilayotgan yangi tariflardan qochish maqsadida Hindistondan 600 tonna (taxminan 1,5 million dona) iPhone smartfonlarini havo yo‘li orqali olib o‘tdi, deb BBC xabar berdi.
Reuters manbasiga ko‘ra, smartfonlar Chennai aeroporti orqali maxsus yuk samolyotlarida jo‘natilgan. Apple bu jarayonda tezlashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi tizimini joriy qilish uchun lobbichilik faoliyatini olib borgan — odatdagi 30 soat o‘rniga atigi 6 soatda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, kompaniya tariflar kuchga kirishidan oldin iloji boricha ko‘proq qurilma eksport qilish uchun Hindistondagi ishlab chiqarish hajmini oshirdi. Foxconn India fabrikasida ish haftasiz davom etgan.
Mart oyidan beri har biri 100 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan oltita aviareys amalga oshirilgan. Yuklarning katta qismi Chikago, Los-Anjeles, Nyu-York va San-Fransisko kabi yirik shaharlarga yetkazilgan.
Counterpoint Research ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda AQShga yetkazilayotgan iPhone’larning 20 foizi Hindiston hissasiga to‘g‘ri keladi, qolgan qismi esa Xitoydan yuboriladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!