
Taniqli va ishonchli tahlilchi Min-Chi Kuo ma’lum qilishicha, Apple kompaniyasi o‘zining ilk buklanadigan smartfonini 2026 yili keng ommaga taqdim etishni rejalashtirgan. Kompaniya ushbu yangi texnologiyalar bilan jihozlangan gadjetlar bozoriga chiqish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Kuo ta’kidlaganidek, Apple qurilmaning yig‘ma qismlarini yetkazib beruvchi Foxconn zavodida buklanadigan iPhone loyihasi sentyabr-oktyabr oylarida rasman boshlanadi. Garchi smartfonning ko‘plab muhim komponentlari hozirda ishlab chiqilayotgan bo‘lsa ham, uning eng qiziqarli qismi – buklanadigan displey allaqachon tasdiqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, buklanadigan iPhone 2026 yilning yoz oylarida ommaviy ishlab chiqarilishga kirishiladi va o‘sha yilning kuzida keng ommaga tanishtiriladi. Apple ushbu innovatsion qurilmani iPhone 18 turkumining bir qismi sifatida taqdim qilishni rejalashtirgan.
Hozircha buklanadigan iPhone haqida rasmiy xabarlar mavjud emas. Lekin insayder ma’lumotlariga ko‘ra, smartfon 7,8 dyuymli egiluvchan OLED-displey bilan jihozlanadi va bu planshet ekrani o‘lchamiga yaqin bo‘ladi. Buklangan holda esa telefonning tashqi displeyi diagonali 5,5 dyuymga teng bo‘ladi.
Bundan oldin Apple mahsulotlari bo‘yicha mashhur tahlilchi Mark Gurman yangi qurilmaning asosiy ikki xususiyati haqida ma’lum qilgan edi. Birinchisi – displeyda buklanish joyining deyarli ko‘rinmasligi, ikkinchisi esa raqobatchilarnikidan ko‘ra ancha mustahkam va yuqori sifatli bo‘lgan sharnir tizimi. Tahlilchilarning fikricha, ushbu sharnir zanglamaydigan po‘lat va titan qo‘shilmasidan tayyorlanishi mumkin.
Yangi buklanadigan smartfonning taxminiy narxi 2000 dollardan 2500 dollargacha bo‘lishi aytilmoqda. Apple mazkur qurilmasi uchun talab yuqori bo‘lib, chiqarilganidan keyingi ilk yilda taxminan 6 million donagacha sotishni rejalashtirmoqda.
Aytish joizki, Apple buklanadigan smartfon bozoriga kirmagan yagona katta texnologiya kompaniyasi bo‘lib turibdi. Kompaniyaning asosiy raqobatchisi hisoblangan Samsung esa bu yilning o‘zida uchga buklanadigan birinchi smartfonini chiqarishga tayyorgarlik ko‘ryapti. Shu bilan birga, Samsung iPhone 16 narxiga teng bo‘lgan arzonroq buklanadigan qurilmani ham taqdim qilishni rejalashtirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar