
Yaponiya olimlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi turdagi plastmassa nafaqat inson hayotini yengillashtirishi, balki tabiatni muhofaza qilishda ham muhim o‘rin egallashi mumkin. Tokio universiteti va RIKEN ilg‘or materiallar markazi mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Suvda eriydi, iz qoldirmaydi
Tadqiqotchilar yangi materialning kichik bir bo‘lagi dengiz suvida atigi bir soat ichida to‘liq yo‘qolishini namoyish etdi. Bundan ham muhimrog‘i, u hech qanday zararli zarra yoki mikroplastik qoldirmaydi. Bu esa nafaqat dengiz hayoti, balki inson salomatligi uchun ham katta yutuq hisoblanadi.
Loyiha rahbari Takuzo Aida bu yutuqni bolalar kelajagi bilan bog‘lab quyidagicha ta’rifladi:
“Bolalar qaysi sayyorada yashashni tanlay olmaydilar. Biz ularga sog‘lom muhitni qoldirish uchun javobgarmiz”.
Bardoshli va xavfsiz
Yangi plastik turi oddiy neft asosidagi plastmassa singari bardoshli bo‘lib, ishlatishda ham qulay. U tuz bilan tajovuz qilganida tarkibiy elementlarga parchalanadi va bakteriyalar tomonidan tezda yo‘q qilinadi. Shunday qilib, mikroplastik ham hosil bo‘lmaydi. Olimlarning aytishicha, bunday material yerda taxminan 200 soat ichida yo‘qoladi.
Yonmaydi va zahar chiqarmaydi
Muhimi, u toksik emas, yoqilmaydi, karbonat angidrid chiqarmaydi. Ekologik jihatdan mutlaqo xavfsiz va qayta ishlash jarayonida ham tabiatga ta’sir qilmaydi.
Iqtisodiy qiziqish ortib bormoqda
Hozircha yangi material ommaviy ishlab chiqarishga jo‘naltirilmagan, ammo loyiha mualliflari allaqachon qadoqlash sanoati va yirik brendlar tomonidan qiziqish bildirilayotganini ma’lum qilishdi.
Muammo masshtablari katta
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahlillariga ko‘ra, 2040 yilgacha dunyodagi plastik chiqindilar hajmi yiliga 23–37 million tonnagacha yetishi mumkin. Bunday vaziyatda Yaponiyadagi bunday ixtiro nafaqat ilmiy, balki global ekologik siyosat uchun ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
Xulosa o‘rnida:
Yaponiyaning bu yutug‘i atrof-muhitni asrashda yangi yo‘llarni ochmoqda. Tabiiy sharoitda o‘z-o‘zidan yo‘qoladigan plastmassa nafaqat dengiz va yerni, balki kelajak avlodlar hayotini ham muhofaza qilishga xizmat qiladi. Endilikda insoniyat uchun eng katta vazifa – ushbu ixtironi ommaviy hayotga tatbiq etishdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar