
Pokistonlik astronavt Xitoyning Tiangong fazo stansiyasiga chiqqan birinchi xorijlik bo‘ladi, bu esa Pekinning fazodagi ustunlik uchun AQSH bilan kuchayib borayotgan raqobat fonida olib borayotgan “fazo diplomatiyasi”ning bir qismi sifatida talqin qilinmoqda.
Hali tanlanmagan bu pokistonlik astronavtning missiyasi Pekin va Islomobod o‘rtasidagi allaqachon yaqin bo‘lgan fazo hamkorligini yanada mustahkamlaydi. O‘tgan yili Pokiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini Xitoyning Oyga yuborilgan zondida orbitaga chiqardi. Bu missiyada Yevropa kosmik agentligi, Fransiya va Italiyadan ham yuklar bor edi, deb xabar beradi Xitoy davlat OAVlari.
Tiangong — hozir faoliyat yuritayotgan ikki fazo stansiyasidan biri bo‘lib, u 1998 yilda ishga tushirilgan Xalqaro fazo stansiyasi (ISS) bilan bir qatorda joy olgan. 2021 yilda ish boshlaganidan beri Tiangong faqat xitoylik astronavtlarni qabul qilgan.
Bu missiya “Xitoy fazo stansiyasining xalqaro miqyosda rivojlanishida muhim qadamdir,” deydi Gonkong universitetining astrofiziki, professor Kventin Parker.
Chorshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xitoyning fazo agentligi (China Manned Space Agency) missiyaga tanlanadigan astronavt kunlik vazifalarni bajarishini hamda Pokiston uchun ilmiy tajribalar o‘tkazishini ma'lum qildi.
Pokistonning fazo agentligi — SUPARCO rahbari o‘rinbosari Amjad Ali Reuters agentligiga chorshanba kuni bergan intervyusida bu yangilikni Janubiy Osiyo davlati uchun muhim burilish sifatida baholadi. Pokiston hukumati 60 yildan ortiq tarixga ega fazo dasturiga qayta e’tibor qaratmoqda.
“Bu Pokiston uchun juda muhim. Chunki Xitoy tomonidan astronavtlari qabul qilingan va Xitoy missiyasi orqali fazoga olib chiqiladigan birinchi xorijiy davlat bo‘lamiz,” dedi u.
Ali so‘zlariga ko‘ra, Pokiston rasmiylari bir oy ichida 5-10 nafar nomzoddan iborat ro‘yxat tuzadi. Xitoy bu ro‘yxatdan ikkitasini tanlab oladi.
Shundan so‘ng, bu ikki nomzod Xitoyda olti oydan bir yilgacha bo‘lgan vaqt davomida tayyorgarlikdan o‘tadi. Ulardan biri 2026 yil oktabrida fazoga uchiriladi, ikkinchisi esa zaxira astronavt sifatida qoladi, deya qo‘shimcha qildi Ali. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar