Meta kompaniyasi inson harakati va kompyuter boshqaruvini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Meta (Facebook) kompaniyasining Reality Labs bo‘limi inson mushak harakatlarini kompyuter buyruqlariga aylantiruvchi innovatsion bilaguzukni taqdim etdi. Bu qurilma foydalanuvchining bilagidagi mushaklar yuboradigan elektr signallarni aniqlab, bevosita kompyuterga uzatadi.
Yuqori texnologiyali bilaguzuk, Meta kompaniyasining “Metaverse” loyihasidan keyingi eng yirik innovatsion mahsuloti bo‘lib, real hayotda amaliy natija beruvchi texnologiya sifatida e’tirof etilmoqda. Qurilma Bluetooth orqali ulanib, foydalanuvchi qo‘l harakati asosida matn yozishi, kompyuterni masofadan boshqarishi mumkin.
Bilaguzuk foydalanuvchi qo‘li bilan yozayotgan harakatlarini real vaqt rejimida kompyuter matniga aylantira oladi. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, qurilma buni daqiqasiga 20,9 ta so‘z tezligida bajara oladi. Yozish sekinroq bo‘lsa-da, bu texnologiyaning imkoniyatlari juda keng.
Nogironligi borlar uchun katta imkoniyat
Ushbu texnologiyaning eng katta foydasi harakatlanish yoki og‘zaki ifoda cheklangan shaxslar, shuningdek, bir vaqtning o‘zida bir nechta monitor bilan ishlovchilar uchun muhim qulaylik yaratishidadir. Qurilma qo‘l harakatini tiklay olmaganlar uchun yangi aloqa vositasiga aylanishi mumkin.