date

Odamsimon robot ilk bor aktyorlikka o‘qishga kirdi

Odamsimon robot ilk bor aktyorlikka o‘qishga kirdi

Xitoydagi oliy ta’lim tizimida tarixiy voqea sodir bo‘ldi — ilk bor inson emas, balki sun’iy intellektga ega robot universitet talabasiga aylandi.

Ta’kidlanishicha, Xueba nomli odamsimon robot Shanxay teatr akademiyasida to‘rt yil davomida tahsil oladi. U aktyorlik, kinosan’at hamda Xitoy an’anaviy operasi kabi murakkab yo‘nalishlarni chuqur o‘rganadi. Bu jarayon yakuniga yetgach, Xueba ham xuddi boshqa talabalar kabi dissertatsiya himoya qiladi, deb yozdi SCMP.

Bu ma’lumot omma orasida kutilmagan qiziqish uyg‘otdi. Xuebaning tashqi ko‘rinishi odamlarga yaqin, u muloqot qilish qobiliyatiga ega, yuz ifodalari orqali hissiyotlarni bildira oladi. U o‘zini “san’at bilan yashovchi sun’iy intellekt” sifatida tavsiflaydi.

Ushbu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda keskin fikrlar to‘lqinini keltirib chiqardi. Ayrim foydalanuvchilar buni ilmiy-texnologik so‘zsiz taraqqiyot, deb baholadi. Ularga ko‘ra, Xueba kabi robotlar inson va texnologiya o‘rtasidagi yangi bosqichni boshlaydi.

Biroq barcha ham bu voqeaga ijobiy munosabatda bo‘lmadi. Ayrimlar san’at faqat tajriba va tuyg‘ular bilan yuzaga chiqishini ta’kidladi. Ularcha, robotlarning “ijodi” algoritm va kodlar bilan chegaralangan, haqiqiy inson qalbini ifoda eta olmaydi.

“Tasavvur qiling, bu robot haqiqiy talabalar uchun ajratilgan resurslarni egallab qo‘yadi. Hozirning o‘zida ko‘pchilik talabalar oyiga 3000 yuandan kam maosh olyapti”, — deb fikr bildirdi foydalanuvchilardan biri.

Tahlilchilar bu loyihaning amaliy foydasini ham, ehtimoliy xavflarini ham muhokama qilmoqda. Ayrim ekspertlar bunday tajriba kelgusida ta’lim sohasida avtomatlashuvni jadallashtirishi mumkinligini aytayapti. Ayrimlar esa aksincha, inson omilining o‘rnini hech qanday robot to‘ldira olmasligini ta’kidlamoqda.

Bir narsa aniq: bu voqea nafaqat Xitoyda, balki butun dunyoda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Sun’iy intellekt va odam o‘rtasidagi chegara sira ochiq-oydin emas, bu holat esa kelajakda yanada ko‘p savollarga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu voqea — texnologiyaning yangi bosqichga o‘tishi, balki kelajakda teatr sahnalarida va ekranlarda inson aktyorlar bilan bir qatorda robotlar ham rol ijro etadigan zamonlar yaqinlashmoqda. Shunisi aniqki, Xueba san’at olamida yangi sahifaning boshlovchisi bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Odamsimon robot ilk bor aktyorlikka o‘qishga kirdi