Fors Ko‘rfazi davlatlari, ayniqsa Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Saudiya Arabistoni, sun’iy intellekt (SI) sohasiga yirik sarmoyalar yo‘naltirib, global texnologik markazga aylanishni maqsad qilgan. Ular energetika boyliklarini va geosiyosiy o‘rnini ilg‘or texnologiyalar, xususan, katta hisoblash quvvatiga asoslangan infratuzilmani rivojlantirishda foydalanmoqda.
BAA boshchiligida amalga oshirilayotgan "Stargate" loyihasi buning yaqqol misolidir. Abu-Dabida barpo etilayotgan yangi ma’lumotlar markazi klasteri AQShning OpenAI va boshqa texnogigantlari uchun muhim baza bo‘lishi kutilmoqda. Loyihaga BAAning davlat bilan bog‘liq texnologik firmasi G42 sarmoya kiritmoqda, ilg‘or NVIDIA chiplarini esa AQSh ta’minlaydi.
Bu yirik loyihalar AQShning mintaqadagi texnologik manfaatlarini ham aks ettiradi. AQSh prezidenti Donald Trampning yaqinda BAAga qilgan tashrifi chog‘ida "eng yirik SI kampusi" loyihasi e’lon qilindi va AQSh – BAA hamkorligining yangi bosqichi boshlandi. Shu bilan birga, AQSh NVIDIA chiplarining BAA va Saudiya Arabistoniga eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatdi.
Saudiya Arabistoni ham ushbu sohada faol: davlat sarmoya fondi – PIF, "Humain" nomli milliy SI kompaniyasini ishga tushirdi. Kelgusi besh yilda yuz minglab ilg‘or chiplar asosida SI fabrikalari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Biroq mintaqadagi asosiy muammo – yetuk SI mutaxassislarining yetishmasligi. BAA bunga qarshi uzoq muddatli vizalar, soliq imtiyozlari va yumshoq tartibga solish siyosati orqali xalqaro iste’dodlarni jalb etishga urinmoqda. Ayni paytda, mintaqada OpenAI yoki Mistral kabi global darajadagi SI kompaniyasi hali mavjud emas.
Texnologik taraqqiyotda AQSh bilan hamkorlik mintaqani "Amerika SI stekiga" yaqinlashtirgan bo‘lsa-da, Xitoy hamon muhim raqobatchi bo‘lib qolmoqda. BAA, milliy manfaatlarni inobatga olib, Huawei kabi Xitoy texnologiyalariga tayanishni kamaytirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!