Telegram asoschisi Pavel Durov o‘tgan yilning avgust oyida Parijda hibsga olinganini “g‘alati holat” deb atadi. Uning aytishicha, bir yil o‘tganiga qaramay, har ikki haftada Fransiyaga qayta borishga majbur. Tadbirkorning ta’kidlashicha, bu hibsning yagona oqibati — mamlakatning “erkin davlat” sifatidagi obro‘siga katta zarar yetgani bo‘ldi, deb yozmoqda Peopletalk.
Durov o‘sha voqeani eslar ekan, “Telegram'dan ayrim shaxslar jinoyatlarni muvofiqlashtirishda foydalanganini eshitmaganim uchun to‘rt kun hibsda ushlab turishdi”, dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yirik platformaning bosh direktori foydalanuvchilar qilmishlari uchun qamoqqa olinishi — nafaqat misli ko‘rilmagan holat, balki qonunan va mantiqan ham mutlaqo asossizdir.
Bir yillik surishtiruv davomida na Telegram'ning, na uning shaxsan o‘zi tomonidan hech qanday xato topilmaganini u alohida qayd etdi. “Bizdagi moderatsiya tartiblari butun sohadagi qoidalarga to‘liq mos keladi. Shuningdek, Telegram Fransiyadan kelgan barcha qonuniy talablarga doim javob berib kelgan”, dedi tadbirkor.
Uning fikricha, voqeada katta kinoya bor: “Aslida meni Fransiya politsiyasi o‘z xatosi uchun hibsga oldi. 2024 yil avgustga qadar ular Telegram'ga qonun talab qilgan rasmiy tartibda murojaat qilmagan. Kerakli shaklni oddiy qidiruv orqali ham topishlari mumkin edi”.
Shu bilan birga, Durovning apellyatsiyasi hali sudda ko‘rib chiqilmadi. Uning ta’kidlashicha, eng afsuslanarli jihati — hibs Fransiyaning demokratik davlat sifatidagi imijiga putur yetkazdi.
Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov 2024 yil 24 avgust kuni Parijdagi Le Burje aeroportida qo‘lga olingan edi. Unga rasmiylar bilan hamkorlikdan bosh tortgani va firibgarlikda sheriklik kabi 12 ta jinoiy modda bo‘yicha ayb qo‘yilgan, hatto 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligi aytilgan. 2025 yil fevralda esa Durov 5 million yevro garov evaziga ozodlikka chiqdi. Unga Fransiyadan chiqmaslik va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berish sharti qo‘yilgan. Biroq ishni sud ko‘rib chiqishiga endi bir yildan oshdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!