Apple AQSHda sotiladigan iPhone’lardagi fizik SIM-karta tirqishidan voz kechishni ancha oldin boshlagan edi. 9to5Mac xabariga ko‘ra, endi xuddi shunday yondashuv Yevropada sotiladigan iPhone 17 liniyasiga ham tatbiq etilishi kutilmoqda, ya’ni yangi smartfonlarda eSIM asosiy standartga aylanadi.
Manba ta’kidlashicha, Apple Yevropadagi firmaviy do‘konlar xodimlarini eSIM texnologiyasi bilan ishlashni chuqur o‘rganishga vazifalab qo‘ygan. O‘quv kursini tugatish uchun so‘nggi muddat — 5-sentyabr, ya’ni iPhone 17 taqdimotidan bir necha kun oldin qilib belgilangani ham o‘z-o‘zidan ishora berib turibdi.
eSIM nima o‘zi? Bu — foydalanuvchi jismoniy plastik SIM-kartasiz ham operator tarifini gadjet ichidagi raqamli modul orqali faollashtira oladigan yechim. Mutaxassislar fikricha, SIM-slotni olib tashlash qator yutuqlar beradi:
- Smartfon korpusida ichki joy bo‘shaydi — bu akkumulyator sig‘imini oshirish yoki boshqa muhim komponentlarni joylashtirish imkonini ochadi.
- Tashqi tirqish yo‘qolishi dizaynni soddalashtiradi, chang va namlikdan himoya darajasini oshiradi.
- Nixoyat, butun dunyo bo‘ylab yagona «temir» platformasi ishlab chiqarish jarayoni va logistikani kompaniya uchun ancha osonlashtiradi.
Shu bilan birga, The Information nashri 2024-yil noyabrida iPhone 17 Air’ning barcha versiyalari — qaysi bozor uchun ishlab chiqarilganidan qat’i nazar — korpusi qalinligi sababli SIM-slotsiz kelishi haqida yozgan edi. Demak, o‘zgarishlar dastlab ayni shu modeldan boshlanishi ham mumkin.
Kutilgan yangiliklar bu bilan cheklanmaydi: iPhone 17 smartfonlari bilan bir qatorda Apple bir vaqtning o‘zida uchta Apple Watch va AirPods 3 Pro ni ham namoyish etishi rejada. Bundan tashqari, AirTag 2 ustida ishlar ketayotgani haqida mish-mishlar bor. Insayderlar aytishicha, kompaniya shu oyning o‘zida kamida yettita yangi qurilmani sahnaga olib chiqadi.
Qisqasi, Apple eSIM bilan plastik SIMsiz, faqat raqamli tarzda kelajakka yana bir qadam tashlamoqda: batareya, himoya va global platformalashtirishdagi yutuqlar — barchasi sizning qo‘lingizdagi gadjetga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Endi esa savol bitta: siz ham plastik SIMdan voz kechishga tayyormisiz?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar