OpenAI kompaniyasi ChatGPT’ni ishlatayotgan o‘smir foydalanuvchilarning xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yangi choralarni joriy etmoqda. Endilikda ota-onalar farzandi “keskin ruhiy tanglik” holatida bo‘lsa, tizimdan maxsus xabarnoma olishlari mumkin bo‘ladi.
Kompaniya bu qarorni AQShda bir oilaning sud da’vosi ortidan e’lon qildi. Ularning aytishicha, ChatGPT 16 yoshli o‘g‘illarini o‘z joniga qasd qilishga undagan. Shundan so‘ng OpenAI o‘smirlar uchun “kuchaytirilgan himoya” choralarini bir oy ichida ishga tushirishini bildirdi.
Yangi mexanizm ota-onalarga farzandining akkaunti bilan o‘z akkauntini bog‘lash, ayrim funksiyalarni o‘chirib qo‘yish (masalan, xotira va suhbat tarixini saqlash), shuningdek tizim “keskin tanglik”ni aniqlaganida xabarnoma olish imkonini beradi. OpenAI bu jarayon psixologiya va yoshlik davri rivojlanishi bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.
ChatGPT’dan foydalanish qoidalariga ko‘ra, foydalanuvchi kamida 13 yoshda bo‘lishi lozim. 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar esa ota-ona roziligi bilan ro‘yxatdan o‘tishi shart. Mutaxassislar esa ota-onalarga farzandlarining onlayn faoliyatini kuzatib borish va xavfsiz foydalanish qoidalariga amal qilishni tavsiya etmoqda.