date

Yaponiyada kuniga ikki soatlik telefon limiti

Yaponiyada kuniga ikki soatlik telefon limiti

Yaponiyaning Toyoake shahri hokimiyati internet va smartfondan ortiqcha foydalanishning oldini olish maqsadida aholini kunlik qo‘llanish vaqtini ikki soat bilan cheklashga chaqirdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Shahar meri Masafumi Koki ta’kidlashicha, bunday cheklov odamlar sog‘lig‘i va uyqu tartibiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan gadjetlardan haddan tashqari foydalanishning oldini olish uchun zarur.

Chora oktyabrdan kuchga kirishi mumkin. Hech qanday jarima ko‘zda tutilmagan — tavsiya ixtiyoriy hisoblanadi va ham bolalar, ham kattalar uchun mo‘ljallangan.

Loyihaga ko‘ra, 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar soat 21:00 dan keyin, o‘smirlar va kattalar esa 22:00 dan keyin smartfon va planshetlarini chetga qo‘yishlari tavsiya etiladi.

Biroq hukumatning ushbu taklifi ijtimoiy tarmoqlarda salbiy munosabat uyg‘otdi. Ko‘plab foydalanuvchilar buni shaxsiy erkinlikka aralashish, amaliy jihatdan esa bajarib bo‘lmaydigan qaror sifatida baholashdi.

“Ikki soat kitob o‘qish yoki smartfon orqali film ko‘rish uchun ham yetarli emas”, — deb yozdi internet foydalanuvchilaridan biri.

69 ming aholiga ega shaharda cheklov e’lon qilingach, mahalliy hokimiyatga yuzlab murojaatlar kelib tushdi. Ulardan 80 foizdan ortig‘i hukumat g‘oyasini tanqid qilgan.

Shu munosabat bilan mer shunday izoh berdi: “Bu tashabbus oilalarga smartfonlar uchun qancha vaqt sarflayotganini baholash va bu haqda o‘zaro mulohaza qilish imkonini berishiga ishonaman”.

Rasmiylarga ko‘ra, loyiha ham bolalar, ham kattalar orasida telefonga bog‘liqlik sababli vujudga kelayotgan muammolarni kamaytirishga qaratilgan. Masalan, maktabda smartfondan foydalanish taqiqlangach, ayrim o‘quvchilar ta’limdan uzoqlashishni boshlagan. Shuningdek, shaxsiy vaqtni telefonga bag‘ishlab, uyqu va oila bilan muloqotni orqaga surib qo‘yish holatlari ham kuzatilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Yaponiyada kuniga ikki soatlik telefon limiti