Malayziyaning Basis Bay kompaniyasi O'zbekistonda data-markaz qurish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda, deb Dunyo axborot agentligi xabar berdi. Kompaniya mutaxassislari yaqin kunlarda mamlakatga tashrif buyurib, IT bozorini o'rganadi.
Basis Bay boshqaruv kengashi raisi Prabo Tiagaraja Kuala-Lumpurda O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev bilan uchrashuv o'tkazdi. Suhbat chog'ida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida data-markazlar sohasiga investitsiya kiritish masalalari muhokama qilindi.
Tiagaraja ta'kidlashicha, Basis Bay Malayziyada mahalliy rezidentga tegishli yagona data-markazni qurgan. 2009 yilda kompaniya ekologik toza yechimlar asosida “yashil” kompleksni ishga tushirgan — bu turdagi ilk loyihalardan biri bo'lgan.
Tomonlar malayziyalik mutaxassislarning yaqin vaqt ichida O'zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi. Ular mamlakatdagi IT xizmatlari bozori hamda data-markaz qurilishiga oid imkoniyatlarni baholaydi.
Shu mavzuda so‘z yuritilgan muhim voqealardan biri — Shavkat Mirziyoyevning fevral oyidagi Malayziyaga tashrifi chog‘ida Prezident ushbu sohani AI, raqamli texnologiyalar va yarim o'tkazgichlar bilan bir qatorda istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rsatgan edi.
Iyul oyida IT sohasi vakillari bilan ochiq muloqotda Green White Solutions asoschisi Abdukahhar Toshmuhamedov hisoblash quvvati yetishmasligi haqida gapirgan edi. Uning ta'kidlashicha, O'zbekistonda xalqaro talablariga to‘liq javob beradigan birorta ham data-markaz yo‘q.
U bu holat mijozlarning shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilish bo‘yicha talablarni bajarishda muammo tug‘dirayotganini aytdi. Shu sabab davlat tashkilotlari uchun kamida ikkita data-markaz — asosiy va zaxira varianti bo‘lishi kerakligini taklif qildi.
Raqamli texnologiyalar birinchi o‘rinbosari Oleg Pekosning aytishicha, 2022 yilda foydalanishga topshirilgan “Elektron hukumat” data-markazi Tier III xalqaro standartiga muvofiq sertifikatlangan. Shuningdek, u “O'zbektelekom” tomonidan Qo‘qon, Buxoro va Ohangaron shaharlarida joriy yil oxirigacha yana uchta majmua ishga tushirilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar