Texnologiya dunyosida yangi tarixiy yangilik sodir bo‘ldi — Camera Intelligence startapi iPhone smartfonlariga mos keluvchi ilk sun’iy intellektli fotokamerani taqdim etdi. Caira deb nomlangan innovatsion qurilma haqida NotebookCheck portali xabar berdi.
Kamera iPhone’ga MagSafe magnit interfeysi orqali biriktiriladi va Olympus hamda Panasonic linzalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning sensor maydoni iPhone 17 Pro asosiy sensoridan to‘rt barobar katta bo‘lib, surat sifatini aniqroq va yorug‘roq qiladi.
Caira 5000 mAh batareyaga, maxsus ilova orqali boshqarish tizimiga va qulay tutqichga ega. Shu bilan birga, avtofokus va sensor aniqligi haqidagi ma’lumotlar hozircha oshkor qilinmagan.
Eng muhim yangilik — sun’iy intellekt funksiyalari. Qurilma Qualcomm Snapdragon protsessori va Google Edge tezlatkichi asosida ishlaydi. Unda Google Nano Banana modeli joriy etilgan bo‘lib, suratga olish vaqtida tasvirni real vaqtda tahrirlash imkonini beradi.
Foydalanuvchi kunduzgi kadrni tungi manzaraga aylantirishi yoki kiyim va aksessuarlarni o‘zgartirishi mumkin. Shu bilan birga, kamera inson yuzi va teri rangi kabi tabiiy xususiyatlarni o‘zgartirmaydi.
Caira uchun oldindan buyurtmalar 30-oktyabrdan Kickstarter platformasida boshlanadi. Narxi hali e’lon qilinmagan, ammo mutaxassislar bu qurilmani smartfon fotografiyasida yangi davr boshlanishi deb baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!