date

O‘zbekistonda Amazon Kuiper bilan tezkor internet ishga tushiriladi

O‘zbekistonda Amazon Kuiper bilan tezkor internet ishga tushiriladi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHning Amazon Kuiper kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, muloqot davomida raqamli infratuzilmani kuchaytirish va keng qamrovli tezkor internet xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Suhbat yakunlarida Vazirlik va Amazon Kuiper Commercial Services LLC o‘rtasida o‘zaro tushunuv memorandumi imzolandi.

Hujjatga muvofiq, mamlakat hududida Project Kuiper sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi internetni ishga tushirish hamda telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish yo‘nalishlari belgilab berildi. Bu, avvalo, chekka hududlar, maktab va shifoxonalar, tadbirkorlik subyektlari uchun internetga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Amazon Kuiper — Amazon korporatsiyasining sun’iy yo‘ldosh internet uchun mas’ul bo‘linmasi bo‘lib, Yerning past orbitasida (LEO) joylashtiriladigan yo‘ldoshlar orqali butun dunyo miqyosida yuqori tezlik va past kechikishli aloqa taqdim etishni maqsad qiladi. Bunday yechimlar katta hajmli ma’lumotlarni uzatishni yengillashtirib, videokonferensiya, masofaviy ta’lim, telemeditsina va raqamli xizmatlar sifatini oshirishga imkon beradi.

Memorandum doirasida tomonlar texnik yechimlarni joriy etish, tarmoq barqarorligini ta’minlash va xizmatlarni keng ommaga yetkazish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishi ko‘zda tutilgan. Umuman olganda, loyiha mamlakatda raqamli xizmatlar qoplamasi va sifati oshishiga, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samaradorlik yuksalishiga zamin yaratadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonda Amazon Kuiper bilan tezkor internet ishga tushiriladi