Figure Robotics takomillashtirilgan odamsimon robotining yangi avlodini namoyish etdi. Yangilangan Figure 03 endi uy yuritishda ko‘makchi: tozalash, kir yuvish, idish-tovoq yuvish, taom tortish va hatto mayda yetkazib berish kabi vazifalarni bajara oladi.
Robotning qo‘llari taktil sensorlar bilan jihozlangani tufayli obyektlarni “his qilib”, ularni xavfsiz ushlaydi, nozik yoki notekis buyumlar bilan ham ehtiyotkor ishlaydi. Har bir kaftdagi kameralar esa cheklangan joylarda ham harakatlarni real vaqtda to‘g‘rilashga yordam beradi.
Figure 03'ning “miyasi” — ko‘rish, til va harakatni birlashtirgan Helix sun’iy intellekti. Shu bois u topshiriqni tushunadi, muhitni kuzatadi va harakatini vaziyatga moslashtiradi.
Qurilma “moslashuvchan” platformada yasalgan: uy sharoitida uni odamga xos “kiyim”da ishlatish, ishlab chiqarishda esa boshqa konfiguratsiyadan foydalanish mumkin. Yangi model avvalgilariga nisbatan yengilroq va ixcham, shuningdek, simsiz quvvat olishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Hozircha Figure 03 robotining ommaviy ishlab chiqarilish sanasi ma’lum qilinmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!