18:58 / 16.02.2017
6 527

Mobil aloqa antennalari hayot uchun zararlimi?

Mobil aloqa antennalari hayot uchun zararlimi?

Jahon mobil kongressi–2016 anjumani chog‘ida Huawei kompaniyasi tomonidan 2025 yilga qadar jahonda internet tarmog‘iga ulangan mobil qurilmalar soni 100 milliardga etishi to‘g‘risida ma’lumot berilgan edi. Bu qurilmalar sayyoramizdagi aholisiga o‘zaro aloqa o‘rnatish, axborot almashishlariga xizmat qilmoqda. Mazkur qurilmalarni o‘zaro aloqa tarmog‘iga ulash uchun mobil aloqa stansiyalari zarur. Ko‘cha-ko‘yda, bino tomlarida o‘rnatilgan aloqa antennalarini ko‘p ko‘ramiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda er yuzida 1,4 million dona shunday aloqa antennalari mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 17721 ta mobil aloqa antennalari o‘rnatilgan, deya xabar beradi «Terabayt.uz».

Mobil aloqa operatorlari muayyan hududda mobil aloqani yaxshilash uchun antenna o‘rnatmoqchi bo‘lsa, shu erlik aholi tomonidan qattiq qarshilikka duch kelish holatlari ko‘zga tashlanadi. Odamlar o‘zlari istiqomat qilayotgan yoki faoliyat ko‘rsatayotgan bino tomiga o‘rnatilgan mobil aloqa antennasi go‘yoki ularning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida isbotini topmagan dalillar keltirishadi. Jumladan, bu borada aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ishtirokchilarning 40 foizi bu antennalarning yurak-qon tomir, asab va qon bosimi kasalliklarini keltirib chiqarishiga ishonishlarini bildirishgan. Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi o‘tkazgan so‘rovlarda ishtirokchilar mobil antennalarning kasallik tarqatuvchi ekanini internetdan o‘qiganliklarini ma’lum qilishgan. Chindan ham, bu antennalar o‘zlaridan zararli to‘lqinlar ajratib chiqaradimi?

Mazkur masala poytaxtimizda Uzreport agentligi tomonidan tashkil etilgan “Mobil aloqa: texnologiya, sifat, xavfsizlik” mavzuidagi davra suhbatida ko‘tarib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, 2001 yildan boshlab jahon davlatlarida mobil aloqa to‘lqinlarining inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’siri xususida ilmiy-tadqiqot izlanishlari olib boriladi. Toshkent shahar davlat ekologik ekspertiza markazi vakili Tamara Durovaning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytgacha mobil aloqa operatorlari tomonidan o‘rnatilgan aloqa antennalarining inson yoki tabiatga zarari ilmiy jihatdan isbot qilinmagan. 2011 yilda Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan bayonotda ham elektromagnit maydoni, jumladan baza stansiyalari va mobil telefonlaridan taralayotgan to‘lqinlarning inson salomatligiga ta’siri o‘z isbotini topmagani qayd etilgan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ITI laboratoriya boshlig‘i M.P. Magayning ma’lum qilishicha, mobil aloqa antennalari faoliyati «Aholi punktlarida radiotexnika ob’ektlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishning sanitariya qoidalari va me’yorlari», «Radiochatotalarning elektromagnit maydoni manbaalari bilan ishlashda sanitariya normalari va qoidalari» kabi me’yoriy hujjatlar asosida nazorat qilinadi. Mutaxassisning fikricha, bugungacha radiotexnika vositalaridan tarqalayotgan nurlarning sanitariya zararlari aniqlanmagan.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Umidjon A’lamovning ma’lum qilishicha, har bir o‘rnatiladigan aloqa stansiyasining o‘rnatish hududi, uning ishlash salohiyati to‘liq nazorat ostiga olinadi. Jumladan, yuqorida qayd etilgan me’yoriy hujjatlar asosida, bu antennalarning ishlash quvvati mamlakatimizda 2,5 mkVt/sm2.dan oshmaydi. Bu jahondagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Misol uchun, Isroil davlatida bu ko‘rsatkich 400 mkVt/sm2.gacha etadi. AQSh, Skandinavya mamlakatlarida 100 mkVt/sm², Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Belorussiya, Qirg‘izistonda antennalardan foydalanish me’yori 10 mkVt/sm².gacha belgilab berilgan. Ya’ni, bizda antennalarning zararli to‘lqin chiqarishi haqidagi isbotini topmagan ilmiy qarashlar ham hisobga olinib, har ehtimolga qarshi ulardan eng past quvvatda foydalanish davlat tomonidan belgilab berilgan.

«Unitel» MChJ bosh direktori Dmitriy Shukovning fikricha, odamlar mobil aloqa operatorlarining antennalaridan qo‘rqmasliklari zarur. Aksincha, aholi bu turdagi antennalarning mahalla va binolarda, ularga yaqin hududda joylashtirilishidan xursand bo‘lishlari lozim. Boisi, ularga yaqinoroq bo‘lish aloqa sifatini ta’minlaydi va telefondan zararlanish xavfini kamaytiradi. Boisi, mobil aloqa vositalari aloqa antennasi bilan aloqa o‘rnatishda zo‘riqadigan bo‘lishsa, antenna topishga qiynaladigan bo‘lishsa, o‘zlaridan zararli nurlar tarqata boshlaydilar. Shuningdek, Dmitriy Shukov “Bilayn” aholi uy-joylari, binolarda o‘rnatilayotgan mobil stansiyalar shartnoma asosida, mahalla va bino tegishli bo‘lgan muassasa rahbarining roziligi bilan o‘rnatiladi va buning uchun yiliga o‘rtacha 7 million 600 ming so‘m ijara puli to‘lanadi. Undan tashqari mobil operator tom va binoni ta’mirlash, atrofni obodonlashtirish uchun alohida mablag‘ ajratadi.

Dmitriy Shukov shuningdek, agar qidiradigan bo‘lsak, atrofimizdan yuzlab zararli vositalar va omillarni topish mumkinligini qayd etdi. Jumladan, mutaxassisining fikricha, oddiy mikroto‘lqinli pechning inson salomatligi uchun zarari axborot texnologiyalari vositalarinikidan bir necha marotaba yuqori.

Xulosa qilib aytish mumkinki, insoniyat hech bir ixtironi osonlikcha qabul qilmagan. Har bir texnologiyaga ko‘nikish va uni o‘rganish uchun vaqt talab etiladi. Bugun hech birimiz aloqa vositalarisiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Davlat idoralari xizmatlari bo‘ladimi, o‘zaro aloqa yoki shaxsiy hisob raqamni boshqarish deysizmi, bularni bajarish uchun aloqa signallariga ehtiyoj sezamiz. Mamlakatimiz qonunchiligida esa bu vositalar va texnologiyalarning ehtimoliy zararidan fuqarolarni himoya qilish uchun etarlicha asos yaratilgan, bu jarayon nazorat ostida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Mobil aloqa antennalari hayot uchun zararlimi?