date

Sun’iy intellekt ijtimoiy holatlarni "his qilmaydi", insonlar ustun

Sun’iy intellekt ijtimoiy holatlarni "his qilmaydi", insonlar ustun

Sun’iy intellekt (SI) bugungi kunda yuzni tanish, obyektlarni ajratish va matn yozish kabi bir qator vazifalarni bajarishda yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda. Ammo odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy ishoralar, harakatlar va niyatlarni anglashda u hali ham insondan ortda qolmoqda. Yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi SI modellari harakatdagi ijtimoiy sahnalarni talqin qilishda odamlardan aniq ko‘ra olmayapti.

Jons Xopkins universiteti olimlari olib borgan tadqiqotga ko‘ra, mavjud SI tizimlari insonlar o‘rtasidagi ijtimoiy o‘zaro ta’sirni — kim kim bilan muloqot qilayotganini, kim nima qilmoqchi ekanligini va harakatlar ortidagi niyatlarni to‘liq anglab yeta olmadi. Bu esa, o‘z-o‘zini boshqaradigan avtomobillar, yordamchi robotlar va real hayotda odamlar bilan bir makonda harakat qilish lozim bo‘lgan texnologiyalar uchun jiddiy muammo.

Tadqiqotning bosh muallifi Leyla Isikning so‘zlariga ko‘ra, muammo faqat ma’lumotda emas, balki SIning o‘zi qanday "o‘ylaydi" degan savolda. "Masalan, o‘z-o‘zini boshqaradigan avtomobil piyodalarning niyatini anglashi kerak: u qaysi tomonga o‘tmoqchi, ikki kishi suhbatlashyaptimi yoki ko‘chani kesib o‘tishga tayyorlanyaptimi. Agar SI odamlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi kerak bo‘lsa, u inson harakatlarini to‘g‘ri tanishi shart. Bu tadqiqot shuni ko‘rsatyaptiki, hozirgi tizimlar bunga hali qodir emas", — deydi Isik.

Tajriba qanday o‘tkazildi?

Olimlar ishtirokchilarga uch soniyalik videolarni namoyish qilgan. Videolarda odamlar bir-biri bilan muloqotda bo‘lgan, yonma-yon harakat qilgan yoki mustaqil holda ko‘rsatilgan. Ishtirokchilar videodagi ijtimoiy o‘zaro ta’sirni besh ballik shkalada baholashdi.

Shundan so‘ng, tadqiqotchilar 350 dan ortiq SI modellariga — til, video va tasvir modellariga insonlar xatti-harakatini va hatto miya faoliyatini bashorat qilish vazifasini topshirishdi.

Natija kutilganidek… insonlar foydasiga chiqdi

Ishtirokchilar baholashda ko‘p hollarda bir xil fikrga kelishdi. SI modellari esa turi va o‘qitilgan ma’lumotlariga qaramay, bunday birdamlikni ko‘rsata olmadi. Video modellar odamlar videoda nima qilayotganini aniq tasvirlay olmadi. Hatto harakatsiz kadrlar asosida ishlaydigan tasvir modellari ham odamlar o‘zaro muloqotdami yoki yo‘qligini ishonchli tarzda aniqlay olmadi.

Qizig‘i shundaki, til modellari inson xulq-atvorini taxmin qilishda, video modellar esa miyadagi asabiy faollikni prognoz qilishda yaxshiroq natija ko‘rsatdi. Ammo umumiy manzara baribir ayon: SI ijtimoiy dinamikani “his qilmaydi”.

Statik dunyoda tug‘ilgan intellekt

Olimlar bu muammoning ildizini SI arxitekturasining o‘zida ko‘rishmoqda. Hozirgi neyron tarmoqlar inson miyasining asosan statik tasvirlarni qayta ishlaydigan qismidan ilhomlangan. Holbuki, ijtimoiy sahnalarni anglash uchun miyaning butunlay boshqa — dinamika, harakat va kontekstni qayta ishlaydigan sohalari ishga tushadi.

"Rasmni ko‘rish, obyekt va yuzni tanish — bu birinchi qadam edi. Ammo hayot statik emas. Sahnada nima sodir bo‘lyapti, odamlar qanday munosabatda — shuni anglay oladigan SI kerak. Bu tadqiqot shu yo‘ldagi katta qora nuqtani ko‘rsatib beryapti", — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Keti Garsiya.

Xulosa shunday: sun’iy intellekt hali juda ko‘p narsani «ko‘rib turib», anglamayapti. Odam esa — ishoradan, harakatdan, sukutdan ham ma’no chiqara oladi. Shunday ekan, hozircha ijtimoiy sahnalarni o‘qish borasida inson miyasiga raqobatchi yo‘q. SI esa hali navbatda — o‘quvchi sifatida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Sun’iy intellekt ijtimoiy holatlarni "his qilmaydi", insonlar ustun