Ekspertlar: bahorda smartfonlar 10–30 foizga qimmatlashishi mumkin

Bahor kelishi bilan nafaqat ob-havo, balki gadjetlar ham “isib” ketishi mumkin. Axborot texnologiyalari bo‘yicha ekspert Eldar Murtazinning fikricha, smartfonlar bahor oylariga borib o‘rtacha 10–30 foizgacha qimmatlashish ehtimoli bor.
Bunday prognozning asosiy sababi sifatida bozordagi xotira chiplari narxining o‘sishi tilga olinmoqda. Avvalroq tahlilchilar smartfonlarda ishlatiladigan xotira elementlari jahon miqyosida qimmatlayotganini ta’kidlagan. Xususan, Counterpoint Research xalqaro tahliliy kompaniyasi bahosi bo‘yicha, yilning birinchi choragida xotira narxi 40–50 foizgacha ko‘tarilishi, ikkinchi chorakda esa yana taxminan 20 foizga oshishi mumkin.
Murtazinning aytishicha, narxlar hozirning o‘zida ko‘z o‘ngida o‘zgarib bormoqda. Ammo mart–aprel oylariga kelib, bu jarayon ayniqsa sezilarli bo‘ladi va narx o‘sishi texnika turiga qarab farq qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra:
- smartfonlar 10 foizdan 30 foizgacha qimmatlashishi mumkin;
- noutbuklar o‘rtacha 20 foizgacha ko‘tarilishi ehtimol;
- o‘yin noutbuklarida esa o‘sish 30–40 foizgacha yetishi mumkin.
Ekspertning fikricha, jarayon faqat smartfon yoki kompyuterlar bilan cheklanib qolmaydi. Asta-sekin boshqa turdagi texnika, jumladan maishiy texnika ham qimmatlashishi mumkin.
Xulosa oddiy: kim yaqin oylarda telefon yoki noutbuk olishni reja qilgan bo‘lsa, bahorga qoldirish “qimmat hazil” bo‘lib chiqishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!