Foton Tunland V7 pikapining yangi versiyasi sotuvga chiqdi

Rossiyada Foton Tunland V7 pikapining yangi «Prestige» komplektatsiyasi sotuvi boshlandi. Asosiy yangilik shundaki, avtomobilning orqa qismidagi anʼanaviy ressorli osma tizimi oʻrniga prujinali osma oʻrnatildi. Bu oʻzgarish yuk koʻtarish qobiliyatidan koʻra, kundalik foydalanishda yoʻl notekisliklarini yumshatish va haydash qulayligini oshirishga qaratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Texnik jihatdan avtomobil oʻzgarishsiz qoldi. Kapot ostida 159 ot kuchi va 410 Nm aylantiruvchi momentga ega 2,0 litrli turbodizel dvigateli joylashgan. Shuningdek, 48 voltli yumshoq gibrid tizimi qoʻshimcha 60 Nm moment taqdim etib, yoqilgʻi sarfini 5–8 foizga tejashga yordam beradi. Uzatmalar qutisi 8 pogʻonali avtomat hisoblanadi.
Pikap avtomatik ulanadigan toʻliq uzatmali tizim va old hamda orqa oʻq differensiallarini blokirovka qilish imkoniyati bilan jihozlangan, bu esa uning yoʻltanlamaslik salohiyatini saqlab qoladi. «Prestige» versiyasining narxi 5 550 000 rubldan boshlanadi, maxsus dasturlar doirasida esa 5 150 000 rublga xarid qilish mumkin.
Xavfsizlik va qulaylik nuqtayi nazaridan model oltita xavfsizlik yostiqchasi, adaptiv kruiz-kontrol, tirbandlikda harakatlanish va yoʻlakda ushlab turish tizimlari bilan boyitilgan. Shuningdek, avtomobil 120 gradusli old kamera, atroflama koʻrish tizimi, koʻr zonalarni nazorat qilish va yoʻl belgilarini tanish funksiyalari bilan jihozlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!