Xitoyda 1363 km yuradigan Lynk & Co 900 sotuvga chiqdi

Lynk & Co kompaniyasi Xitoyda o'zining yirik flagman krossoveri bo'lgan 900 modelining yangi besh o'rinli versiyasini sotuvga chiqardi. Avtomobil uch xil komplektatsiyada taklif etilmoqda va uning narxi 300 mingdan 346 ming yuangacha etib belgilangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
SPA Evo platformasida yaratilgan ushbu model 490 metrgacha yorituvchi LED faralar, yashirin eshik tutqichlari va panoramali tom bilan jihozlangan. Shuningdek, xaridorlarga eksklyuziv Corona Gold rangi hamda turli dizayndagi g'ildirak disklari taklif qilinadi.

Krossover saloni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan bo'lib, ikkita 30 dyuymli 6K ekran, 95 dyuymli proyeksion displey va 12,66 dyuymli raqamli asboblar paneli o'rnatilgan. Axborot-ko'ngilochar tizimi ikkita Snapdragon 8295 protsessorida ishlaydigan Lynk Flyme Auto 2 dasturiga asoslangan.
Ikkinchi qator yo'lovchilari uchun o'rindiqlarni isitish, shamollatish va 16 nuqtali massaj funksiyalari ko'zda tutilgan. Avtomobilning yukxona hajmi 1030 litrni tashkil etadi, o'rindiqlar yig'ilganda esa bu ko'rsatkich 1215 litrgacha oshadi.
Gibrid tizim 1,5 yoki 2,0 litrli dvigatel hamda elektr motorlaridan iborat. Eng yuqori versiya 734 ot kuchiga ega bo'lib, 100 km/soat tezlikka 4,6 soniyada erishadi.
CATL batareyasi yordamida avtomobil to'liq quvvat va yonilg'i bilan umumiy hisobda 1363 kilometr masofani bosib o'tishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!