Instructure xakerlar bilan kelishuvga erishdi

Canvas taʼlim platformasi ishlab chiqaruvchisi Instructure kompaniyasi oʻz tizimlariga ikki marta hujum qilgan xakerlar bilan kelishuvga erishganini maʼlum qildi. ShinyHunters kiberjinoyatchilar guruhi 29-aprel kuni sodir etilgan hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olib, 275 millionga yaqin oʻquvchi va xodimning shaxsiy maʼlumotlarini oʻgʻirlaganini daʼvo qilgan edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Oʻtgan hafta xakerlar kompaniyaga bosim oʻtkazish maqsadida Canvas tizimiga ikkinchi bor hujum qilib, maktab veb-saytlaridagi kirish sahifalarini buzib qoʻyishdi. Instructure kompaniyasi xakerlar oʻgʻirlangan maʼlumotlarni yoʻq qilganliklari haqida dalil taqdim etganini va mijozlar endi shantaj qilinmasligini bildirdi.
Kompaniya kiberjinoyatchilar bilan muzokara olib borishda toʻliq kafolat boʻlmasligini tan olgan boʻlsa-da, kelishuvning moliyaviy shartlari oshkor etilmadi. Instructure vakillari toʻlov amalga oshirilganmi yoki yoʻqmi, degan savollarga javob berishdan bosh tortdi.
AQSH hukumati va xavfsizlik boʻyicha ekspertlar kiberjinoyatchilarga toʻlov qilmaslikni tavsiya qiladi, chunki bu ularning faoliyatini ragʻbatlantiradi. Mutaxassislarning fikricha, xakerlar maʼlumotlarni oʻchirganliklarini daʼvo qilsalar ham, ularga toʻliq ishonib boʻlmaydi va ular kelajakda yana shantaj qilishda davom etishlari mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!