Tecno Spark 50 smartfoni sotuvga chiqdi: 7000 mA·soat batareya va Ella sunʼiy intellekti

Tecno kompaniyasi Rossiya bozorida yangi Tecno Spark 50 smartfoni sotuvga chiqqanini eʼlon qildi. Ushbu hamyonbop qurilma sunʼiy intellekt imkoniyatlari va yuqori sigʻimli akkumulyatori bilan ajralib turadi. Hozirda foydalanuvchilarga 8 GB tezkor va 256 GB ichki xotiraga ega model 22 ming rubldan boshlanadigan narxda taklif etilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfon 6,78 dyuymli, 120 Gts yangilanish tezligiga ega IPS displey bilan jihozlangan. Qurilma MediaTek Helio G81 protsessori negizida ishlaydi va 50 megapikselli asosiy kameraga ega. Uning eng muhim jihatlaridan biri — 7000 mA·soat sigʻimli akkumulyator boʻlib, u 10 Vt quvvatdagi teskari simli quvvatlashni ham qoʻllab-quvvatlaydi.
Dasturiy taʼminot sifatida Android 16 bazasidagi HiOS 16.2 tizimi oʻrnatilgan. Tizimning markaziy qismi boʻlgan Ella sunʼiy intellekt yordamchisi rus tilini tushunadi. U internetdan maʼlumot izlash, ekrandagi kontentni tahlil qilish, matematik masalalarni yechish hamda taksi buyurtma qilish kabi vazifalarni bajarishga qodir.
Shuningdek, oʻrnatilgan sunʼiy intellekt muharriri matnlarni tahrirlash, xatolarni tuzatish va maqolalarni qisqacha bayon qilish imkonini beradi. Fotosuratlar bilan ishlashda esa sunʼiy intellekt yordamida ortiqcha obyektlarni olib tashlash va tasvir sifatini oshirish mumkin. Qurilma IP64 standarti boʻyicha chang va namlikdan himoyalangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!