Tarixdagi ilk atom bombasi portlashi moddaning yangi shaklini yuzaga keltirdi

AQSh va Yevropa olimlari 1945-yilda amalga oshirilgan "Trinity" yadroviy sinovi natijasida hosil boʻlgan trinitit minerali tarkibidan kremniy klatratlarining ilgari nomaʼlum boʻlgan shaklini aniqladilar. Portlash vaqtida yuzaga kelgan ekstremal harorat va bosim tuproqni eritib, ushbu oʻziga xos shishasimon moddani hosil qilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tadqiqotchilar trinitit namunalarida kalsiy, mis va temir atomlarini oʻz ichiga olgan gʻayritabiiy kristall tuzilmalarni topdilar. Bunday ekzotik moddalar faqat oʻta yuqori bosim va harorat sharoitida shakllanadi, shuning uchun ularni laboratoriya muhitida qayta yaratish deyarli imkonsiz hisoblanadi.
Prinston universiteti professori Pol Shtaynxardt boshchiligidagi guruh avvalroq ushbu hududdan kvazikristallarni ham topgan edi. Yangi topilma yadroviy portlash vaqtida moddalarning shakllanish jarayoni olimlar taxmin qilganidan ancha murakkabroq kechganini koʻrsatmoqda.
Kvant kimyosi usullari yordamida oʻtkazilgan hisob-kitoblar mavjud nazariyalar bilan toʻliq mos kelmadi. Bu esa olimlarni portlash vaqtida sodir boʻlgan fizik-kimyoviy jarayonlarni qayta koʻrib chiqishga va ekstremal sharoitlar modda tuzilishiga qanday taʼsir qilganini chuqurroq oʻrganishga undamoqda.
Eslatib oʻtamiz, "Trinity" sinovi 1945-yil 16-iyulda Nyu-Meksiko shtatidagi "White Sands" poligonida oʻtkazilgan. Bu insoniyat tarixidagi ilk yadroviy portlash boʻlib, u "Manxetten loyihasi" doirasida amalga oshirilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!