Thinking Machines sunʼiy intellekt bilan jonli muloqotni rejalashtirmoqda

OpenAI kompaniyasining sobiq texnik direktori Mira Murati tomonidan asos solingan Thinking Machines startapi sunʼiy intellekt bilan muloqot qilish uslubini butunlay oʻzgartiruvchi yangi texnologiyani taqdim etdi. Hozirgi kunda foydalanuvchilar ChatGPT yoki Google kabi platformalar bilan navbatma-navbat muloqot qiladi: siz gapirasiz, keyin tizim javob beradi. Yangi model esa bu jarayonni telefon qoʻngʻirogʻidek tabiiy holga keltirishni maqsad qilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan TML-Interaction-Small modeli "full duplex" texnologiyasiga asoslangan boʻlib, u foydalanuvchi gapirayotgan vaqtda ham maʼlumotni qayta ishlash va javob tayyorlash imkoniga ega. Bu esa sunʼiy intellektga suhbatdoshini boʻlish yoki muloqotga faol aralashish imkonini beradi. Tizimning javob berish tezligi bor-yoʻgʻi 0,40 soniyani tashkil etadi, bu esa insonlar oʻrtasidagi tabiiy suhbat tezligiga juda yaqin.
Hozircha ushbu texnologiya faqat tadqiqot bosqichida boʻlib, keng jamoatchilik uchun ochiq emas. Thinking Machines yaqin oylarda cheklangan doiradagi foydalanuvchilar uchun sinov versiyasini taqdim etishni, yil oxiriga qadar esa toʻliq relizni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Mutaxassislar ushbu yechimning texnik koʻrsatkichlari juda yuqori ekanligini taʼkidlashmoqda. Biroq, sunʼiy intellektning real hayotdagi samaradorligi va foydalanuvchilar uchun qanchalik qulay boʻlishi faqatgina keng koʻlamli sinovlardan soʻng maʼlum boʻladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!