Spotify o‘zining 20 yilligi munosabati bilan foydalanuvchilar uchun maxsus hisobotni taqdim etdi

Spotify striming xizmati o‘zining 20 yillik yubileyi sharafiga foydalanuvchilar uchun butun tarix davomidagi musiqa tanlovlarini aks ettiruvchi yangi funksiyani ishga tushirdi. Ushbu imkoniyat foydalanuvchilarga ilovaga qachon qo‘shilgani, birinchi marta tinglagan qo‘shig‘i, eng sevimli ijodkori va eng ko‘p eshitilgan treklar ro‘yxati kabi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi funksiyadan foydalanish uchun Spotify ilovasiga kirib, qidiruv qismiga “Spotify 20” yoki “Party of the year(s)” deb yozish kifoya. Tizim avtomatik tarzda foydalanuvchining eng ko‘p tinglangan 120 ta qo‘shig‘idan iborat shaxsiy pleylistni shakllantiradi va umumiy tinglangan qo‘shiqlar sonini ko‘rsatib beradi.
Mashhur Wrapped funksiyasiga o‘xshab, ushbu yangilik ham foydalanuvchilarga o‘z statistikalarini ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlari bilan bo‘lishish imkonini beradi. Spotify ushbu funksiya butun dunyo bo‘ylab mavjudligini, biroq u faqat olti hafta davomida faol bo‘lishini ma’lum qildi.
Kompaniya o‘tgan oyda platforma tarixidagi eng ko‘p tinglangan ijodkorlar, albomlar va podkastlar ro‘yxatini ham e’lon qilgan edi. Unda Taylor Swift yetakchilik qilmoqda. Spotify uchun yillik hisobotlar foydalanuvchilar faolligini oshirishda muhim vosita hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!