Foxconn kiberhujumga uchradi: Apple va NVIDIA maʼlumotlari xavf ostida

Dunyoning eng yirik elektronika ishlab chiqaruvchilaridan biri bo'lgan Foxconn kompaniyasi kiberhujumga uchragani va Shimoliy Amerikadagi zavodlariga ta'sir ko'rsatgani tasdiqlandi. Ushbu kiberhujum uchun javobgarlikni Nitrogen nomli fidyachi xakerlar guruhi o'z zimmasiga olib, tizimlardan 11 milliondan ortiq fayl o'g'irlanganini da'vo qilmoqda.
Elektronika ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri boʻlgan Foxconn kiberhujumga uchraganini tasdiqladi. Mazkur korxona Apple, Google, NVIDIA va Sony kabi texnologiya gigantlari uchun butlovchi qismlar va qurilmalar yetkazib beradi. Kompaniya vakillarining maʼlum qilishicha, hujum Shimoliy Amerikadagi zavodlarga taʼsir koʻrsatgan, biroq hozirda ishlab chiqarish jarayonlari bosqichma-bosqich tiklanmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hujum uchun javobgarlikni Nitrogen nomli fidyachi (ransomware) xakerlar guruhi oʻz zimmasiga oldi. Ular oʻzlarining dark-veb saytida Foxconn tizimlariga kirib borganliklarini va 11 milliondan ortiq faylni oʻgʻirlaganliklarini daʼvo qilmoqda. Oʻgʻirlangan maʼlumotlar orasida Apple, Dell, Google, Intel va NVIDIA kabi yirik mijozlarning maxfiy hujjatlari boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.
Xakerlar oʻz daʼvolarini tasdiqlash uchun mahsulot sxemalari, yoʻriqnomalar va bank koʻchirmalaridan iborat tasvirlarni eʼlon qildi. Nitrogen guruhi "ikki tomonlama tovlamachilik" taktikasidan foydalanadi: ular nafaqat kompaniya fayllarini shifrlab, foydalanishni cheklaydi, balki maxfiy maʼlumotlarni oʻgʻirlab, ularni tarqatib yuborish bilan tahdid qiladi.
Hozircha Foxconn ushbu hodisa yuzasidan aniq tafsilotlarni ochiqlamadi va xakerlar talab qilayotgan toʻlov yoki tizimga yetkazilgan zarar koʻlami haqidagi savollarga javob bermadi. Mutaxassislar ushbu holat global taʼminot zanjiri uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkinligidan xavotirda.































Izohlar 0
…