Xiaomi kompaniyasining yangi quloqchinlari 21 ta tilni tarjima qila oladi

Xiaomi kompaniyasi prezidenti Lu Veybing o‘zining ilk qisqichsimon (clip-on) quloqchinlari haqida yangi ma’lumotlarni oshkor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qurilma oddiy audio-gadjet bo‘lib qolmay, balki kundalik hayotda foydalanuvchiga yordam beradigan to‘liq huquqli sun’iy intellekt (AI) yordamchisiga aylanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi quloqchinlarning asosiy xususiyatlaridan biri Xiao Ai ovozli yordamchisining integratsiyasi hisoblanadi. Kompaniya vakilining ta’kidlashicha, mazkur yordamchi tabiiy muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi va foydalanuvchilarga yuqori darajadagi «hissiy ko‘mak» bera oladi.
Qurilma real vaqt rejimida 21 ta tilni tarjima qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu funksiya turli mamlakat vakillari o‘rtasidagi muloqotni sezilarli darajada osonlashtiradi. Shuningdek, quloqchinlar suhbatlarni avtonom tarzda yozib olish va bir tugma bosish orqali ularning qisqacha mazmunini yaratish qobiliyatiga ega.
Lu Veybing ushbu yangilikni «yaxshiroq eshitiladigan, samaraliroq ishlaydigan va sizni chinakamiga tushunadigan aqlli quloqchinlar» deb ta’rifladi. Qurilmaning to‘liq taqdimoti joriy oyda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!