Micron Technology kapitallashuvi ilk bor 1 trillion dollardan oshdi

AQSHning xotira chiplari ishlab chiqaruvchi Micron Technology kompaniyasi tarixiy natijani qayd etdi: uning bozor kapitallashuvi ilk bor 1 trillion dollar darajasidan yuqoriga koʻtarildi. Fond bozoridagi shiddatli ralli natijasida kompaniya aksiyalari bir savdo kunining oʻzida 19 foizga qimmatlashdi. Bu 2011-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori kunlik oʻsish koʻrsatkichidir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Investorlar oʻrtasidagi bunday optimizmga UBS Group AG tahliliy hisoboti turtki boʻldi. Ekspertlarning taʼkidlashicha, Micron aksiyalari ulkan salohiyatga ega va yaqin bir yil ichida oʻz qiymatini ikki baravarga oshirishi mumkin. Kompaniyaning bunday oʻsishi butun yarimoʻtkazgichlar sanoatining uzoq muddatli qayta baholanishini aks ettirmoqda.
2025-yilning toʻrtinchi choragi yakunlariga koʻra, Micron jahon HBM (yuqori oʻtkazuvchanlikka ega xotira) bozorining 21 foizini (tushum boʻyicha) nazorat qilmoqda. Kompaniya hozirda sunʼiy intellekt infratuzilmasini global miqyosda kengaytirish markazida turibdi. Yangi avlod xotira chiplari maʼlumotlar markazlarini (data-centers) rivojlantirish uchun oʻta muhim komponent hisoblanadi.
Tahlilchilarning prognozlariga koʻra, jahon bozorida bunday chiplarning taqchilligi 2027-yilgacha davom etishi kutilmoqda. Mavjud vaziyat Micron kompaniyasiga sayyoramizning eng yirik texnologik korporatsiyalariga oʻz narx shartlarini diktovka qilish imkonini beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!