VPN niqobi ostidagi yangi troyan foydalanuvchi maʻlumotlarini oʻgʻirlamoqda

Kiberjinoyatchilar bepul VPN ilovalari koʻrinishida shaxsiy maʻlumotlarni oʻgʻirlashga moʻljallangan zararli dasturlarni faol tarqatmoqda. Bu haqda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashish boʻyicha mutaxassislar ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Xususan, Flash VPN deb nomlangan ilova shunday xavfli dasturlardan biri ekani aniqlandi. Mazkur ilova rasmiy doʻkonlarda emas, balki uchinchi tomon saytlarida tarqatilgan boʻlib, uning tarkibiga bank troyani va qoʻshimcha zararli dasturlarni yuklovchi modul oʻrnatilgan.
Oʻrnatilgandan soʻng, ushbu ilova foydalanuvchining SMS-xabarlari, push-bildirishnomalari va bank ilovalaridagi maʻlumotlariga kirish huquqini qoʻlga kiritadi. Shuningdek, u foydalanuvchining ruxsatisiz qurilmaga boshqa zararli modullarni yuklab olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Ekspertlar xavfsizlikni taʻminlash uchun ilovalarni faqat rasmiy doʻkonlardan yuklab olishni va shubhali manbalardan kelgan havolalarga kirmaslikni tavsiya qilmoqda. Shaxsiy maʻlumotlar va bank hisoblarini himoya qilish uchun VPN xizmatlarini tanlashda ehtiyotkor boʻlish zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!