Box rahbari: IT-kompaniyalar rahbarlari «sunʼiy intellekt psixozi»ga tushmoqda

Box bulutli platformasi rahbari Aaron Levie texnologiya olami yetakchilari orasida «sunʼiy intellekt psixozi» tarqalayotganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab top-menejerlar SI tizimlarining real imkoniyatlarini haddan tashqari yuqori baholab, mehnatni avtomatlashtirish borasida shoshilinch xulosalar chiqarmoqda. Levie rahbarlar texnologiyaning faqat demo-versiyalarini koʻrib, agentlar inson ishtirokisiz murakkab jarayonlarni bajara oladi deb oʻylashini taʼkidladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Aslida esa, rahbarlar kundalik amaliy ish jarayonlaridan uzoqlashib qolgan. Ular kodlardagi xatolarni qidirishmaydi, modellarning «gallyutsinatsiyalari» — SI tomonidan oʻylab topilgan maʼlumotlar va havolalarni tekshirishmaydi. Levie SIga qarshi emas, u hatto ushbu sohaga faol investitsiya kiritadi, biroq u rahbarlarni faqat taqdimotlarga ishonmasdan, texnologiyaning cheklovlarini ham chuqur tushunishga chaqirmoqda.
Vaziyat IT-sektoridagi ommaviy qisqartirishlar fonida yanada keskinlashmoqda. Layoffs.fyi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning dastlabki besh oyida 115 mingdan ortiq xodim ishidan ayrilgan. Masalan, ClickUp servisi 3000 ta SI-agentini joriy qilgach, xodimlarining 22 foizini boʻshatgan. Kompaniya rahbari Zeb Evans buni xarajatlarni kamaytirish emas, balki xodimlar faqat SI natijalarini tekshiradigan yangi turdagi tashkilot yaratish deb atadi.
Biroq ilmiy tadqiqotlar bunday keskin samaradorlikni hali tasdiqlamayapti. California Management Review va AQSH Milliy iqtisodiy tadqiqotlar byurosi (NBER) oʻtkazgan tahlillar SI joriy etilishi va umumiy unumdorlik oʻrtasida barqaror bogʻliqlikni aniqlamadi. MIT olimlarining xulosasiga koʻra, faqat 2029-yilga borib yirik til modellari matnli vazifalarni inson darajasida bajara olishi mumkin, ammo toʻliq ustunlikka erishish uchun yana bir necha yil kerak boʻladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!