date

Google Search foydalanuvchilari DuckDuckGo qidiruv tizimiga oʻta boshladi

Google Search foydalanuvchilari DuckDuckGo qidiruv tizimiga oʻta boshladi

Google oʻz qidiruv tizimiga sunʼiy intellekt funksiyalarini faol joriy qilishi ortidan DuckDuckGo platformasining yuklab olinishi va tashrif buyuruvchilar soni keskin oshdi. Google ishlab chiquvchilar konferensiyasida anʼanaviy havolalar roʻyxati oʻrnini AI-javoblar egallagan yangi qidiruv versiyasini taqdim etgan edi. Tizim endilikda maʼlumotlarni umumlashtirish, murakkab vazifalarni bajarish va muloqot rejimida ishlash imkoniyatiga ega. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Biroq, koʻplab foydalanuvchilar ushbu oʻzgarishlarni salbiy kutib oldi. Tanqidchilarning fikricha, AI-xulosalar qidiruv sifatini yomonlashtiradi va mustaqil saytlar hamda media resurslariga oʻtuvchi trafikni kamaytiradi. Sunʼiy intellekt funksiyalarini oʻchirib qoʻyish imkoniyati cheklangani va ular oddiy qidiruvga chuqur integratsiya qilingani odamlarning noroziligiga sabab boʻlmoqda.

Ushbu fonda DuckDuckGo AQSHda ilovani oʻrnatish koʻrsatkichi 20-25-may kunlari oʻrtacha 18,1 foizga oshganini qayd etdi. Apple iOS platformasida esa yuklab olishlar oʻrtacha 33 foizga, ayrim kunlarda esa qariyb 70 foizga oʻsgan. Shuningdek, foydalanuvchilar orasida AI-xulosalarsiz va avtomatik yaratilgan tasvirlarsiz ishlaydigan maxsus qidiruv rejimiga qiziqish 22,7 foizga ortgan.

DuckDuckGo asoschisi Gabriel Weinberg Google yoʻnalishini tanqid qilib, foydalanuvchilarga AI funksiyalari majburan tiqishtirilayotganini taʼkidladi. Shunga qaramay, DuckDuckGo ham sunʼiy intellektdan butunlay voz kechmagan. Kompaniya Anthropic, OpenAI va Meta modellaridan foydalanish imkonini beruvchi Duck.ai xizmatini rivojlantirmoqda, biroq u yerda foydalanuvchi maxfiyligi va maʼlumotlar xavfsizligiga asosiy urgʻu beriladi.

Hozirda Brave, Ecosia va Startpage kabi muqobil qidiruv tizimlari ham faollashgan. Vaziyat shuni koʻrsatmoqdaki, yirik platformalar qidiruvni sunʼiy intellekt bilan muloqotga aylantirayotgan bir paytda, foydalanuvchilarning bir qismi oddiy havolalar, manbalarni qoʻlda tanlash va jarayonni mustaqil nazorat qilishni afzal koʻrmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Google Search foydalanuvchilari DuckDuckGo qidiruv tizimiga oʻta boshladi