Anthropic 65 milliard dollar investitsiya jalb qildi va IPOga tayyorlanmoqda

Sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi startaplardan biri boʻlgan Anthropic oʻzining soʻnggi investitsiya raundida 65 milliard dollar mablagʻ toʻpladi. Ushbu moliyalashtirish bosqichidan soʻng kompaniyaning bozor qiymati 965 milliard dollarga yetdi. Bu kompaniyaning ommaviy aksiyalar bozoriga (IPO) chiqishidan oldingi soʻnggi xususiy investitsiya raundi boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Series H raundiga Altimeter Capital, Dragoneer, Sequoia Capital va boshqa yirik venchur jamgʻarmalari boshchilik qildi. Shuningdek, strategik hamkorlar sifatida Samsung, SK Hynix va Micron kabi texnologik gigantlar ham ishtirok etdi. Mazkur mablagʻlarning 15 milliard dollari avvalroq kelishilgan investitsiyalar boʻlib, shundan 5 milliard dollari Amazon hissasiga toʻgʻri keladi.
Anthropic yangi mablagʻlarni Claude modelining xavfsizligi va talqin qilinishini yaxshilash, hisoblash quvvatlarini kengaytirish hamda korporativ mijozlar uchun mahsulotlar koʻlamini oshirishga yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya daromadlari joriy oyda 47 milliard dollardan oshgani va kelajakda 130 foizlik oʻsish bilan ilk operatsion foydaga chiqishi kutilayotgani xabar qilingan.
Investitsiya jalb qilingan kunning oʻzida Anthropic oʻzining yangi Claude Opus 4.8 modelini taqdim etdi. Ushbu model murakkab kodlash va agentlik vazifalarini bajarishda yuqori samaradorlik koʻrsatadi. Shuningdek, kompaniya kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan Mythos modelini ham kengroq ommaga taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Hozirda Anthropic sunʼiy intellekt bozorida OpenAI bilan keskin raqobat olib bormoqda. Eslatib oʻtamiz, joriy yilning mart oyida OpenAI 122 milliard dollar investitsiya jalb qilib, 852 milliard dollarga baholangan edi. Shu bilan birga, Elon Musk boshqaruvidagi SpaceX va xAI birlashmasi ham 2 trillion dollarlik qiymat bilan IPOga chiqishni koʻzlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!