date

Amazon 11,6 milliard dollarlik kelishuv doirasida Apple’ning Globalstar’dagi ulushini oladi

Amazon 11,6 milliard dollarlik kelishuv doirasida Apple’ning Globalstar’dagi ulushini oladi

Amazon kompaniyasi AQSH Federal aloqa komissiyasiga (FCC) Globalstar sunʼiy yoʻldosh operatorini sotib olgandan soʻng, Apple kompaniyasiga tegishli ulushga ham egalik qilishini maʼlum qildi. Gap Globalstar aksiyalarining 20 foizi haqida bormoqda, bu ulush Apple’ga iPhone smartfonlari uchun sunʼiy yoʻldosh aloqasini kengaytirish boʻyicha kelishuv doirasida berilgan edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Aynan Globalstar tarmogʻi mobil aloqa qamrovi boʻlmagan joylarda iPhone foydalanuvchilari uchun Emergency SOS funksiyasini taʼminlab keladi. Apple avvalroq ushbu hamkorlikka 300 million dollar, keyinchalik esa investitsiyalar hajmini 1,1 milliard dollargacha oshirgan edi. Buning evaziga Globalstar oʻz sunʼiy yoʻldosh quvvatining 85 foizini iPhone foydalanuvchilariga xizmat koʻrsatish uchun ajratish majburiyatini olgan.

FCC’ga taqdim etilgan hujjatlarga koʻra, 11,6 milliard dollarlik ushbu yirik kelishuv bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Amazon dastlab Globalstar’ni maxsus tashkil etilgan Grapefruit Acquisition Sub II, LLC shoʻba korxonasi bilan birlashtiradi, soʻngra Apple ulushini toʻliq qabul qilib oladi. Amazon ushbu xarid iPhone uchun mavjud sunʼiy yoʻldosh xizmatlariga xalaqit bermasligini alohida taʼkidladi.

Amazon ushbu infratuzilmadan ancha kengroq maqsadlarda foydalanishni rejalashtirmoqda. Kompaniya yangi avlod D2D (direct-to-device) tarmogʻini yaratishni maqsad qilgan. Bu texnologiya sunʼiy yoʻldoshlarning oraliq terminallarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri smartfonlar va boshqa mobil qurilmalar bilan bogʻlanishini taʼminlaydi.

Hozirda smartfonlar uchun sunʼiy yoʻldosh aloqasi bozori yirik texnologik gigantlar oʻrtasidagi yangi raqobat maydoniga aylanmoqda. Apple va Amazon’dan tashqari, SpaceX va Google ham oʻz loyihalarini faol rivojlantirmoqda. Bu kelishuv sunʼiy yoʻldosh aloqasi endilikda faqat favqulodda holatlar uchun emas, balki global mobil tarmoqning ajralmas qismiga aylanib borayotganini koʻrsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Amazon 11,6 milliard dollarlik kelishuv doirasida Apple’ning Globalstar’dagi ulushini oladi