Parker Solar Probe maʻlumotlaridagi «akula» shakllari quyosh shamoli sirini ochdi

NASA tomonidan uchirilgan Parker Solar Probe zondi maʻlumotlarida quyosh shamoli protonlari taqsimotida shakli akula boshini eslatuvchi gʻayritabiiy tuzilmalar aniqlandi. Ilmiy doiralarda "hammerhead" (bolgʻabosh) deb nom olgan ushbu kashfiyot 2020-yilda maʻlumotlarni kalibrlash jarayonida tasodifan topilgan edi. Grafiklarda zarrachalarning odatdagi silliq taqsimoti oʻrniga choʻzilgan asimmetrik shakllar paydo boʻlishi olimlar eʻtiborini tortdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
SWEAP (Solar Wind Electrons Alphas and Protons) loyihasi tadqiqotchilari 3,7 millionga yaqin oʻlchovlarni tahlil qilib, maxsus algoritm yordamida 173 mingta shunday tuzilmani ajratib olishdi. Maʻlum boʻlishicha, ushbu «proton akulalari» atrofdagi plazma oqimidan tezroq harakatlanuvchi va aniq yoʻnaltirilgan (anizotrop) tezlik tuzilishiga ega yuqori energiyali protonlar guruhidir. Bu zarrachalar barcha yoʻnalishlarda bir tekis emas, balki maʻlum bir energiya «dastasi» koʻrinishida harakatlanadi.
Bunday tuzilmalar koʻpincha Quyoshning magnit maydoni yoʻnalishini oʻzgartiradigan geliosfera tok qatlami yaqinida hosil boʻladi. Quyosh faolligi oshgan davrda ushbu qatlam murakkab shaklga kiradi va Parker Solar Probe ushbu hududlardan oʻtayotganda «akula» shaklidagi proton populyatsiyalarini qayd etadi. Tadqiqotchilarning taʻkidlashicha, bu tuzilmalar shunchaki magnit chegaralarining belgisi emas, balki ortiqcha energiya manbaidir.
Ushbu energiya elektromagnit toʻlqinlarga, soʻngra issiqlikka aylanishi mumkin. Bu esa geliofizikaning eng katta jumboqlaridan biri — nima uchun quyosh shamoli oddiy modellarda koʻrsatilganidan ancha issiqroq ekanini tushuntirib berishi mumkin. Shunga oʻxshash jarayonlar Yer magnitosferasida ham kuzatilgan boʻlib, bu plazma muhitidagi magnit qayta ulanish jarayonlarining universalligini koʻrsatadi.
Mualliflarning fikricha, bunday tuzilmalarni tizimli ravishda xaritaga tushirish Quyoshning koʻrinmas magnit chegaralari geometriyasini kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, bu kashfiyot Quyoshning tashqi atmosferasi — korona va quyosh shamoli oqimi nima sababdan anomal darajada yuqori haroratni saqlab qolishini tushunishga yordam beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!