Parker Solar Probe Quyoshga 6,1 mln kilometr masofagacha yaqinlashdi

Parker Solar Probe Quyoshga 6,1 mln kilometr masofagacha yaqinlashdi

Parker Solar Probe kosmik zondi Quyosh bilan navbatdagi ekstremal yaqinlashuvni muvaffaqiyatli yakunladi. Jons Xopkins universiteti Amaliy fizika laboratoriyasi mutaxassislarining xabar berishicha, apparat toʻqqiz kunlik avtonom ish rejimidan soʻng nazorat radiosignalini Yerga uzatgan. Bu zondning Quyoshning tashqi atmosferasi — korona orqali amalga oshirgan 28-parvozi boʻldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

8-iyun kuni sodir boʻlgan eng yaqin masofadagi parvoz paytida Parker Solar Probe oʻzining shaxsiy rekordlarini takrorladi. Zond yulduz sirtiga taxminan 6,1 mln kilometr masofagacha yaqinlashdi, bu Yer va Quyosh oʻrtasidagi masofaning 5 foizidan ham kamroqdir. Quyosh gravitatsiyasi taʼsirida apparat soatiga qariyb 692 ming kilometr tezlikka erishdi. Bunday tezlikda Yer va Oy oʻrtasidagi masofani 40 daqiqadan kamroq vaqt ichida bosib oʻtish mumkin.

Ushbu missiya Quyosh faolligining 11 yillik siklidagi eng yuqori nuqtasi — quyosh maksimumi davriga toʻgʻri kelgani bilan ahamiyatlidir. Parker Solar Probe bevosita quyosh koronasi ichida boʻlib, quyosh shamolining kelib chiqishi, magnit maydonlari tuzilishi va kosmik ob-havo mexanizmlari haqida muhim maʼlumotlarni toʻpladi. Zondning 11,4 santimetr qalinlikdagi uglerodli kompozit issiqlik qalqoni 926 darajagacha qizigan boʻlsa-da, apparat ichidagi elektronika xavfsiz haroratda saqlanib qoldi.

17-iyundan 30-iyunga qadar Yerga quyosh koronasi orqali oʻtish paytida toʻplangan asosiy ilmiy maʼlumotlar uzatiladi. Olingan maʼlumotlar olimlarga Quyoshda sodir boʻlayotgan jarayonlarni yaxshiroq tushunishga hamda sunʼiy yoʻldoshlar, aloqa tizimlari va energetika tarmoqlari uchun muhim boʻlgan kosmik ob-havo prognozlari aniqligini oshirishga yordam beradi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar