Yaponiyada kelajak kamerasi yaratildi: u bor-yoʻgʻi bitta atomga asoslangan

Yaponiyalik fiziklar rubidiyning yakka tartibdagi atomlaridan kvant mikroskopi asosi sifatida foydalanish imkonini beruvchi yangi vizualizatsiya usulini ishlab chiqdilar. Yaponiya Milliy tabiiy fanlar institutlari maʼlumotlariga koʻra, “atom kamerasi” deb nomlangan ushbu qurilma anʼanaviy optik asboblarga qaraganda ancha yuqori aniqlikdagi tasvirlarni olishga qodir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Texnologiya asosida deyarli mutlaq nol darajagacha sovitilgan va lazerli optik tuzoqda ushlab turilgan ishqoriy metallning bitta atomi yotadi. Bunday atomni kvant kompyuterlari va nanooptik qurilmalar yoniga ularning ishiga xalaqit bermasdan joylashtirish mumkin. U oʻrganilayotgan obyektdan chiqadigan yorugʻlik bilan oʻzaro taʼsirga kirishganda, uning holati va energetik darajasi oʻzgaradi, bu esa fotonlarning xarakteristikalari, jumladan, intensivlik va qutblanishni aniq oʻlchash imkonini beradi.
Oʻtkazilgan tajribalar shuni koʻrsatdiki, rubidiy atomi lazer nuri porlashidagi oʻzgarishlarni taxminan 100 nanometrli fazoviy aniqlikda kuzatish imkonini beradi. Bu koʻrsatkich oddiy optik mikroskopiya imkoniyatlaridan sezilarli darajada yuqoridir.
Istiqbolda ushbu ishlanma yanada mukammalroq kvant kompyuterlari, aloqa tizimlari, sensorlar va nanooptika sohasidagi tadqiqotlar uchun yangi vositalarni yaratishda muhim rol oʻynashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!