Xitoylik fiziklar lazerni quvvatni oshirmasdan 20 baravar kuchaytirishdi

Xitoylik fiziklar oʻta tezkor lazerlarning taʼsirini ularning quvvatini oshirmasdan turib koʻp marta kuchaytirish usulini topishdi. Sharqiy Xitoy pedagogika universiteti (ECNU) olimi Jian Wu boshchiligidagi guruh tadqiqoti qimmatbaho uskunalar yoki oʻrganilayotgan materialga zarar yetkazmagan holda yuqori samaradorlikka erishish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tadqiqotchilar lazer impulsining oʻrtacha energiyasini oʻzgartirmasdan, asosiy nolineer optik effektlardan birini 20 baravardan koʻproqqa kuchaytirishga muvaffaq boʻlishdi. Odatda bunday jarayonlarni ishga tushirish uchun juda kuchli lazerlar talab qilinadi, biroq ular koʻpincha optika elementlarini qizdirib yuboradi yoki namunalarni parchalab tashlaydi. Xitoylik olimlar nurlanish quvvatini oshirish oʻrniga, yorugʻlikning kvant xususiyatlarini oʻzgartirishga qaror qilishdi.
Buning uchun "yorqin siqilgan vakuum" deb nomlanuvchi maxsus kvant holatidan foydalanildi. Bunday yorugʻlikda fotonlar zichligining kuchli tebranishi kuzatiladi: oʻrtacha energiya pastligicha qolsa-da, impuls ichida oʻta yuqori intensivlikka ega qisqa chaqnashlar hosil boʻladi. Aynan shu chaqnashlar yorugʻlikning modda bilan oʻzaro taʼsirini sezilarli darajada kuchaytiradi.
Tajriba davomida atigi 300 nanodjouly energiyaga ega lazer impulsi oddiy lazerdan 20 baravar yuqori intensivlik talab qilinadigan effektni koʻrsatdi. Bu usul ayniqsa attosekund fizikasida — soniyaning trilliondan bir ulushida sodir boʻladigan jarayonlarni oʻrganishda inqilobiy oʻzgarish yasashi kutilmoqda. Endilikda olimlar kvant fluktuatsiyalariga qarshi kurashish oʻrniga, ulardan foydali vosita sifatida foydalanishni boshlamoqdalar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!