Acer kompaniyasi Nitro Blaze Link portativ oʻyin konsolini taqdim etdi

Computex 2026 koʻrgazmasi arafasida Acer kompaniyasi oʻzining yangi Nitro Blaze Link (GN722 modeli) portativ konsolini namoyish etdi. Ushbu gadjetning asosiy oʻziga xosligi uning tor ixtisoslashuvida: qurilma oʻyinlarni kuchliroq uskunadan oqimli uzatish (streaming) uchun moʻljallangan. Toʻliq quvvatli portativ PKlardan farqli oʻlaroq, yangi model ancha kamtarona texnik xususiyatlarga ega. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Konsol bor-yoʻgʻi 1 GB tezkor xotira va 8 GB ichki flesh-xotira bilan jihozlangan. Qurilmaning avtonom ishlashi uchun 18 W·soat sigʻimli akkumulyator masʼuldir. Shu bilan birga, muhandislar qurilmaning vaznini sezilarli darajada kamaytirishga erishgan — u atigi 464 gramm tosh bosadi. Nitro Blaze Link 7 dyuymli, Full HD+ (1920 x 1200 piksel) aniqlikdagi sensorli IPS-displey va 2 W quvvatga ega stereodinamiklar bilan taʼminlangan.
Boshqaruv elementlari standart toʻplamdan iborat: ikkita analog stik, D-pad, harakat tugmalari va trigerlar mavjud. Tarmoqqa ulanish uchun Wi-Fi 6 modulidan foydalaniladi, quvvat olish uchun esa 15 W gacha quvvatni qoʻllab-quvvatlaydigan yagona USB Type-C porti koʻzda tutilgan. Taʼkidlash joizki, ushbu port maʼlumot uzatish yoki tashqi qurilmalarni ulash uchun moʻljallanmagan.
Qurilmaning asosiy konsepsiyasi Acer oʻyin noutbuklari bilan uzviy integratsiyalashuvga asoslangan. Konsol foydalanuvchi kutubxonasidagi oʻyinlarni mahalliy tarmoq orqali translyatsiya qilish imkonini beradi. Hozircha NVIDIA GeForce Now yoki Xbox Game Pass Ultimate kabi bulutli servislar qoʻllab-quvvatlanishi haqida aniq maʼlumot yoʻq.
Acer Nitro Blaze Link qurilmasining Shimoliy Amerikadagi savdolari 2026-yilning toʻrtinchi choragiga rejalashtirilgan. Gadjetning narxi rasmiy sotuv sanasiga yaqin eʼlon qilinishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!